Annotatsiya: Ushbu maqolada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali ayollarni kamsitish va zoʻravonlikdan himoya qilishning dolzarb va muhim mavzusi koʻrib chiqiladi.

Hozirgi kunda xotin-qizlarning xavfsizligi va tengligini taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib, ularning huquqlari buzilishini aniqlash va ularga chek qoʻyishda jamoatchilik nazorati muhim oʻrin tutadi. Mazkur maqola doirasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish bilan bogʻliq asosiy jihatlar hamda ayollarga nisbatan kamsitish va zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Xotin-qizlarning xavfsizligi va teng huquqliligini taʼminlash butun jamiyatning vazifasi ekani, bu maqsadga erishishda jamoatchilik nazorati muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi.

Shunday qilib, xotin-qizlar huquqlari uchun kurashda jamoatchilik nazoratining samarali choralaridan biri ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanish hisoblanadi. Shu bois, ushbu maqsadga erishish uchun izlanishlarni davom ettirish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.

Kalit soʻzlar: jamoatchilik nazorati, ayollarni himoya qilish, zulm, zoʻravonlik, kamsitish, ijtimoiy tarmoqlar, axborot erkinligi, masʼuliyat, tenglik.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish ishlari bir necha yoʻnalishlarda olib borilayotganligi, xususan, ayollar huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlarini, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirilayotganligini alohida qayd etgan holda, ushbu yoʻnalishda jamoatchilik nazorati omili juda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Bugungi kunda davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishida, davlat organlari rahbar-xodimlarining qonunlarga qatʼiy amal qilib, oʻz zimmalaridagi vazifa va majburiyatlarini masʼuliyat bilan ado etishlarida bu institutning taʼsir doirasi nihoyatda yuqori.

Taʼkidlash kerakki, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning maqsadi xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalarida hamda boshqa joylarda tazyiqlar va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga, shuningdek, tazyiqlar va zoʻravonlikdan jabrlanganlarni huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish ushbu sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.

Qonunga koʻra xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashishning subyektlari nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki markaziy va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, taʼlim, mehnat, sogʻliqni saqlash, xotin-qizlar davlat organlari, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolar oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, zoʻravonlik qurbonlariga yordam beruvchi maxsus markazlar xam hisoblanadi.

Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyada, Pekin deklaratsiyasi va platformasida eng muhim muammoli sohalar belgilangan boʻlib, ular ichida davlat xizmati, bandlik, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalari aks etilganini bilamiz. Xuddi shunday, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunida ham aynan shu sohalar davlat organlarining vakolatlari aniq belgilangan.

Bugungi kunda davlat organlari tomonidan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka barham berishga qaratilgan amalga oshirilayotgan va amalga oshirishi kerak boʻlgan keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻplab qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda aks etilgan. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashuvchi subyektlarni bir vaqtning oʻzida gender tengligini taʼminlash masalalariga masʼulligini ham koʻramiz. Bunda biz tazyiq va zoʻravonlik holati aslida gender tengsizlikni ifodasi ekanligini va unga qarshi kurashish harakatlar jamiyatda gender tenglik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilishini tushunishimiz kerak.

 Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarning xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashish sohasidagi yutuqlarini jamoatchilik orasida bugungi kunda real baholash imkoni mavjud emas, sababi xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikdan himoyalash sohasida jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish uchun bir necha muammolar borligini eʼtirof etishimiz kerak. Buning asosiy sabablari sifatida gender tengligini taʼminlash va ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohalari Oʻzbekiston huquqiy maydoni uchun hali yangi ekanligi, undagi kategoriyalar va huquqiy mexanizmlari aniq belgilanmagani, ularni huquq amaliyotida tatbiq etish bilan bogʻliq muammolar endi-endi oʻrganilayotgani, va tegishli tartibda ularni bartaraf etish yoʻllari aniqlash ishlari boshlanganini  qayd etishimiz kerak.

Birinchi muammo, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” qonunida Davlat organlarida gender tengligi sohasida  masʼul vakolatli shaxsning huquqiy holat belgilangan boʻlib,  ushbu shaxs vakolati doirasiga jins boʻyicha kamsitish (tazyiq) faktlarini bartaraf etish yuzasidan choralar koʻrish vazifalari yuklatilgan. Shu munosabat bilan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunida belgilangan bevosita va bilvosita kamsitish tushunchalariga eʼtibor bermoqchiman. Bevosita kamsitish holatlarini belgilash jabrlanganni oʻziga huquq berilgan boʻlsa, bilvosita kamsitish holatlarini aniqlash uchun maxsus bilim va koʻnikmalar talab etiladi. Afsuski bunday bilimga ega boʻlgan mutaxassislarni oʻzi borligini bilmaymiz. Xuddi shunday tazyiq va zoʻravonlik tushunchalari xam agar ular oilaviy zoʻravonlik bilan bogʻliq boʻlmagan boʻlsa yangi tushunchalar hisoblanadi. Demak, ayollarni bilvosita kamsitish holatlari orqali tazyiqqa yoki zoʻravonlikka duchor kelganini aniqlashni oʻzida muammo borligini eʼtirof etishimiz kerak, va bunda jamoatchilik nazorati samarasi haqida gapirish erta deb hisoblaymiz. Undan tashqari, qonunchilikda ish va oʻqish davomida tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollar ish beruvchisining yoki taʼlim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagani bois bunday holatlarni jamoatchilik nazoratini samarasini ancha tushirvoradi, bu esa, oʻz navbatida takroran zoʻravonlik, tazyiq sodir etilishiga sabab boʻladi.

Shuni inobatga olgan holda uy zoʻravonligi tushunchasiga kirmagan zoʻravonliklarga chek qoʻyish uchun tazyiq oʻtkazgan shaxsga nisbatan tegishli taʼsir yoki jazo choralarini belgilash maqsadga muvofiq. Chunonchi, ish beruvchilar zimmasiga zoʻravonlar va jabrlanuvchining har qanday oʻzaro munosabatga kirishishiga cheklov oʻrnatish masalasini koʻrib chiqish foydadan holi emas.

Ikkinchi muammo, davlat organlari tarkibida jamoatchilik kengashlarining tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga real koʻmaklashadi degan maqsadlarga xizmat qilish kerak. Lekin bugungi kunda Jamoat kengashlari  qaysi davlat idoralari huzurida tashkil etilgani va ularning faoliyati toʻgʻrisida  yetarli maʼlumotlarga ega emasligimizni xam tan oshimiz kerak.

Undan tashqari, davlat organi huzuridagi Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga koʻra, Jamoatchilik kengashi va uning nizomi davlat organi rahbarining qarori bilan tasdiqlanadi, kengash faoliyati moddiy-texnik jihatdan taʼminlash davlat organi hisobidan amalga oshiriladi, hattoki faoliyati ustidan nazorat xam davlat organining rahbari tomonidan amalga oshirilishi belgilanganini eʼtiborga olgan holda ushbu tuzilmaning jamoatchilik nazorati faoliyati samarasi haqida gapirishimiz qiyin.

 Uchinchi muammo jamoatchilik nazorati shakllari bilan bogʻliq.  “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunida  jamoatchilik nazoratining turli shakllari belgilangan:

davlat organlariga murojaatlar va soʻrovlar;

davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida ishtirok etish;

jamoatchilik muhokamasi;

jamoatchilik eshituvi;

jamoatchilik monitoringi;

jamoatchilik ekspertizasi;

jamoatchilik fikrini oʻrganish;

fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish

Jamoatchilik nazoratining ayrim shakllari samarasi yetarli darajada emasligini eʼtirof etishimiz kerak. Masalan, davlat organlariga murojaatlar va soʻrovlar, davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida ishtirok etish, jamoatchilik fikrini oʻrganish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish kabi nazorat shakllari barchamizga tushunarli. Lekin  jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik ekspertizasi kabi nazorat shakllarning amalga oshirish mexanizmlari haligacha huquqiy tartibga solinmagani bois ulardan kutiladigan natijalarni ham aniq tasavvur qilish qiyin.

Toʻrtinchidan, jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonunda jamoatchilik nazorati subyektlarning davlat idoralar faoliyatiga aralashmaslik tamoyili bugungi kundagi talablarga toʻgʻri kelmasligini koʻplab ekspertlar tomonidan fikr bildirilmoqda. Bunday tamoyilni amalda tatbiq etilishi muammoli masalani jamoatchilik nazorati doirasida koʻtarilishini oʻziga chek qoʻyadi. Lekin, aynan jamoatchilik nazorati natijalari yordamida davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyatiga katta taʼsiri borligini eʼtirof etish  kerak. Bunda misol sifatida noqonuniy ishdan boʻshatilgan, qonunda belgilangan imtiyozlardan foydalana olmagan, toʻlanishi kerak boʻlgan pullarni ololmagan va taʼqibga uchragan ayollarni huquqlari tiklanganini keltirishimiz mumkin.

Undan tashqari, amaldagi qonunchilikning tahlili jamoatchilik nazorati natijalari tavsiyaviy xarakterga ega boʻlishi, ularni hisobga olmaslik, natijada esa jamoatchilik nazoratini oddiy rasmiyatchilikka aylantirishga olib kelishi xavfi borligini koʻrsatdi.

Shuningdek, jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonunchilikda jamoatchilik nazorati sohasidagi javobgarlikni belgilovchi blanket normalar oʻrniga  aniq taʼsir choralarni belgilash lozim.

Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jamoaviy murojaatlar asosida hududiy, tarmoq va davlat dasturlari ijro sifatini tekshirish amaliyotini joriy etish vazifasi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida “Taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan 12-maqsad doirasida belgilangan.

Belgilangan vazifalar qatorida ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish kabi vazifalar belgilangan. Davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik faoliyatimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish maqsadida  fuqarolarning soʻz erkinligi, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ijrosini amalda toʻliq taʼminlashda ommaviy axborot vositalarining oʻrni katta.

Pekin xarakatlar platformasida butun dunyo boʻylab ommaviy axborot vositalarining ayollarning rivojlanishiga yanada katta hissa qoʻshish salohiyati eʼtirof etilgan. Unda hanuzgacha dolzarb ikkita strategik soha belgilangan:

Yangi kommunikatsiya texnologiyalari yordamida ommaviy axborot vositalari orqali ayollarning erkin fikr bildirish;

Ommaviy axborot vositalarida ayollarning muvozanatli va stereotipsiz tasvirini targʻib qilish.

Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot maydonini shakllantira olganini ko‘rishimiz mumkin. Virtual va xalq qabulxonalari bilan bir qatorda televideniye turli teledasturlar va tok-shoular toʻgʻrdan-toʻgʻri efirga uzatishi, ularda “Ishonch telefonlari” orqali kelib tushgan savollarga ochiq javob berishi, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (harakatsizligi)ning jamoatchilik muhokamasi, shu jumladan, internet tarmoqli orqali joriy etilishi mansabdor shaxslar faoliyatiga jamoatchilikning real taʼsiri boʻldi. Maʼlumki, bugungi kunda anʼanaviy axborot vositalari bilan birga Internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol oʻynamoqda.

Ular orqali huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, moliya, bank, taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, energetika va transport sohalarida, shuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi xotin-qizlarga nisbatan salbiy munosabat kabi masalalar ham doimo jamoatchilikni kuzatuvida ekanligini alohida qayd etish kerak.

Bugungi kunda aynan ijtimoiy tarmoqlar faolligi orqali zoʻravonlik holatlari keng jamoatchilikka  maʼlum boʻlmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va maʼlumotlar orqasidan prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan jinoiy ishlar ochilgani jamoatchilik nazoratining amaldagi taʼsirini koʻrishimiz mumkin. Pandemiya sharoitida ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilgan tibbiyot xodimlarga nisbatan koʻplab tajovuzlar haqidagi videotasvirlar keng ommani tashvishga solgani oqibatida hattoki maxsus qonun ham qabul qilindi.

Albatta, axborot erkinligi – demokratik jarayon, lekin bunda inson shaʼni, qadri, qimmati poymol boʻlishi xavfiga eʼtibor berish  oʻta dolzarb masalaga aylangan. Konstitutsiyamizning 20-moddasiga muvofiq, fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart deyilgan. Huquq nazariyasida bunday holat huquqni suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻymaslik deb nomlanadi.

Blogerlarda professional jurnalistlardan farqli o‘laroq huquqiy bilim va masʼuliyat, qonun bilan belgilangan qatʼiy javobgarlik yuq. Ayrim hollarda zoʻravonlikka oid maʼlumotlar tarqalishi oddiy piar bilan bogʻliq boʻlishi ham mumkin. Notoʻgʻri maʼlumotni tarqatgan shaxsni javobgarlikka tortish, ustidan shikoyat qilish tartibini xam keng jamoatchilikka tanishtirish kerak. Eng muhimi, blogerlar bilan rasmiy idoralar oʻrtasida maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi, huquq muhofaza qilish organlari bilan maxsus aloqalar oʻrnatilishi  maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Huquqni suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻymaslik tamoyili orqali shaxslarning qonun bilan belgilangan huquqlar doirasidagi, lekin boshqa shaxslarga zarar yetkazilgan harakatlar ushbu tamoyilga koʻra noqonuniy hisoblanishi kerak. Bunday harakatlar nafaqat bloger, balki boshqa jamoatchilik nazorati subyektlari, mansabdor shaxslar va hattoki tazyiq va zoʻravonlikka uchragan shaxslarda xam koʻplab uchramoqda.

Gulnoza Sattorova, yu.f.n., Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi

Shohruxbek Sobirov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi

Список литературы

  1. Бурханова, Л., Матвеева, Л., & Ачилова, Л. (2021). Особенности правового регулирования гендерного равенства: международный и национальный аспект (теория и практика применения). Актуальные проблемы гуманитарных наук, 1(1), 6–12. извлечено от https://inlibrary.uz/index.php/problems_of_humanities/article/view/3611
  2. Неъматов, Ж., & Сидикова, Ф. (2022). Обеспечение гендерного равенства в эпоху цифровизации Республики Узбекистан. Научные исследования и инновации в индустрии 4.0., 1(1), 24–30. https://doi.org/10.47689/4.v1i1.3485
  3. Раджабова, А. . (2019). Историческая эволюция гендерного феномена. Востоковедения, 4(4), 191–198. извлечено от https://inlibrary.uz/index.php/oriental-studies/article/view/15664
  4. Рахимов, Ф. (2019). Правовая основа обеспечения гендерного равенства в Республике Узбекистан. Обзор законодательства Узбекистана, (4), 10–12. извлечено от https://inlibrary.uz/index.php/uzbek_law_review/article/view/12679
  5. Сидикова, Ф. Х. «Обеспечение гендерного равенства в период социально-экономического развития Узбекистана.» (2021): 85-90.
  6. Сидикова, Феруза Хайруллаевна. «ГЕНДЕРНОЕ НЕРАВЕНСТВО В ПРОЦЕССЕ ТРУДОВЫХ ВЗАИМООТНОШЕНИЙ В ЭПОХУ ГЛОБАЛЬНОЙ ЦИФРОВИЗАЦИИ.» Интеллектуальный капитал и цифровая трансформация общества. 2022. 358-370.
  7. Сидикова, Феруза Хайруллаевна. «ГЕНДЕРНЫЕ АСПЕКТЫ В УСЛОВИЯХ СОЦИАЛЬНО-ЭКОНОМИЧЕСКОГО РАЗВИТИЯ УЗБЕКИСТАНА.» Научные редакторы: ДВ Куницын—кандидат экономических наук, доцент, декан факультета экономики и финансов Сибирского института управления—филиала РАНХиГС; ЕА Дорожинская—кандидат юридических наук, доцент (2021): 150.