Konstitutsiyaviy islohotlar davlat oʻz majburiyatlari va ustuvor vazifalarini samarali amalga oshirishni talab etadi. Shu sababli bu ishlarni tizimli va mantiqiy izchillik asosida tashkil etish maqsadga muvofiq. Bunda yanada taraqqiy etishimiz uchun amalga oshiriladigan ishlarni belgilovchi hujjat qabul qilishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Bugungi kunda keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi aynan shunday hujjatdir.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi loyihasida beshta asosiy yoʻnalishni koʻrishimiz mumkin. Ularni amalga oshirish uchun 12 kichik yoʻnalish hamda 100 maqsad qamrab olingan.
Birinchi ustuvor yoʻnalish har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratishga bagʻishlanib, unda 5 kichik yoʻnalish va 44 maqsad aks etgan. Mazkur ustuvor yoʻnalish koʻrib chiqilayotgan strategiyaning eng katta qismi sanaladi. Unda taʼlim tizimi, aholi salomatligi, yoshlarga oid davlat siyosati va sport yoʻnalishi, maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash hamda madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha islohotlar nazarda tutilgan.
Birinchi ustuvor yoʻnalishda aksariyat maqsadli koʻrsatkichlar taʼlim qamrovini oshirish, ilm-fan vataʼlim infratuzilmasini takomillashtirish bilan bogʻliq boʻlib, ayrim hollarda erishish koʻrsatkichlari umumiy tusga ega. Fikrimizcha, bunda asosiy eʼtibor manzilli yondashuvgaqaratilishi lozim.
Xususan, loyihada maktabgacha taʼlim va tayyorlov guruhlari bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Mazkur rejani amalga oshirishda hududlar boʻyicha manzilli ishlash maqsadga muvofiq. Chunki 2019-yil holatiga koʻra 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi Toshkent shahrida 102 foizni, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Samarqand viloyatlarida 80 foizdan koʻproqni, Toshkent, Namangan, Fargʻona, Navoiy viloyatlarida 70-80 foiz atrofida, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 70 foizdan kamroqni tashkil etgan. Shu sababli maktabgacha taʼlim bilan qamrovni oshirish masalasini aynan qamrov darajasi past boʻlgan hududlardan boshlash lozim.
Respublikada 2 mingta bogʻcha tashkil qilish rejasi ham qamrov darajasi
past boʻlgan hududlarda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq (misol uchun, Surxondaryo viloyati Denov va Oltinsoy tumanlarida, Buxoro viloyati Kogon va Qorakoʻl tumanlarida 2019-yil holatiga koʻra, 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi 30-40 foizni tashkil etgan).
Davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, 700 ta poliklinika barpo etish, 28 ming shifo oʻrni yaratish, 16 ming shifokor shtatini tashkil etish, 56 ming kilometr yoʻlni qurish va taʼmirlash kabi loyihalarni amalga oshirishda ham tegishli hududlarni belgilash lozim. Bu kabi masalalarni “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini muayyan yillarda amalga oshirish rejasida nazarda tutish hamda hududlarni aniqlashtirish zarur.
Taʼlim sohasidagi institutsional takliflardan biri “Isteʼdod — Intilish — Istiqbol” nomli 208 ta maktab-internat tashkil etish masalasi sanaladi. Bunda ham chuqur tahlil bor. Chunki umumiy oʻrta taʼlim sohasini ixtisoslashtirish afzalliklar (muayyan ixtisoslik boʻyicha kadrlarni tayyorlash, iqtidorli yoshlarni tanlash) bilan bir qatorda ayrim kamchiliklarga (maktablardagi taʼlim sifatidagi farqlar, oʻquvchilar orasidagi norasmiy boʻlinish) ega. Ixtisoslashtirilgan maktablarga ota-onalarning qiziqishi farzandlariga umumiy oʻrta taʼlimdan koʻra, ixtisoslashtirilgan maktablardagi taʼlimni afzal koʻrayotganida ham koʻrinadi. Lekin barcha mamlakatlarda ham ixtisoslashtirishga taʼlim sifatini oshirishga yondashuv sifatida qaralmaydi. Misol uchun, tajribasi dunyoga mashhur Finlyandiyada maktablar bolalarning bilimi va koʻnikmasiga qarab ixtisoslashtirilmagan. Xususan, Oʻzbekistonda Finlyandiyaning maktab taʼlimi sohasidagi tajribasini joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda (2023/2024 oʻquv yilida Qashqadaryo viloyatidagi 48 maktabda Finlyandiya taʼlim tizimini joriy etish topshirilgan edi). Mazkur masalani amalga oshirishda taʼlim sifatining barcha taʼlim tizimlarida bir xil — yuqori darajada boʻlishiga erishish lozim.
Ikkinchi ustuvor yoʻnalish barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlashga qaratilib, unda 17 maqsad aks etgan.
Mazkur yoʻnalishdagi ayrim masalalarni ham aniqlashtirish, xususan, amalga oshirish mexanizmlarini batafsil bayon etish kerak. Jumladan, davlat qarzini boshqarish strategiyasi, “natijaga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish” amaliyotiga oʻtish, mahalliy investorlarga xorijiy investorlarga berilganidan kam boʻlmagan imtiyozlar berish, sudga kiritilgan daʼvolar boʻyicha kreditlarga oshirilgan foiz va jarima hisoblashni toʻxtatib turish mexanizmlarini joriy qilish kabi masalalar iqtisodiy tahlillar bilan bir qatorda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishini taqozo etadi. Shu bilan birga, iqtisodiyot sohasini qonunchilik asosida tartibga solishda juda ehtiyotkor boʻlish va bozor iqtisodiyoti negizlariga putur yetkazmaslik lozim.
Yoʻnalish doirasida joylarda muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni qurishda hududning uzoq muddatli (kamida 20 yilgacha) ijtimoiy-iqtisodiy va demografik rivojlanishini inobatga olish nazarda tutilgan. Bugungi kunda energiya taqchilligi va yangi qurilish ishlari olib borilayotganini inobatga olgan holda, yirik shaharlar va tumanlarda, viloyat markazlarida mavjud infratuzilma hamda energiya tarmoqlarining amalda mavjud va qurilayotgan obyektlarni taʼminlash uchun yetarli ekanini tekshirish amaliyotini yoʻlga qoʻyib, barcha tugallangan obyektlarni xatlovdan oʻtkazish maqsadga muvofiq. Ayni paytda iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmani yaratishda, avvalambor, shahar va tumanlarning bosh rejasini ishlab chiqish va keyinchalik tegishli loyihalarni amalga oshirish zarur.
Uchinchi ustuvor yoʻnalish suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga bagʻishlanib, unda 2 kichik yoʻnalish va 12 maqsad nazarda tutilgan. Mazkur yoʻnalishda suv resurslarini tejash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha islohotlar belgilangan.
Mazkur ustuvor yoʻnalishda suvga alohida eʼtibor berilgani bejiz emas. Aynan suv resurslari eng dolzarb muammolardan biri. Maʼlumotlarga qaraganda 2030-yilga borib Oʻzbekistonga 7 milliard kub metr suv yetishmasligi mumkin. Suvdan maqsadsiz foydalanish va suv resurslari yetkazib berishda nazorat masalalarini hal etish biz uchun favqulodda muhimdir. Binobarin, mazkur yoʻnalish doirasida suv isteʼmoli va suvdan foydalanish ustidan taʼsirchan nazorat qilish mexanizmini yaratish masalasini ham kiritish maqsadga muvofiq.
Yana bir muhim masala — atrof-muhit barqarorligini taʼminlash. Mazkur ustuvor yoʻnalishda bu masalaga oid 8 maqsad aks etgan. Bu, afsuski, eng muammoli sohalardan biri boʻlmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, har daqiqada Oʻzbekistonning 9 kvadrat metr hududi choʻllanib boryapti. Shu sababli loyihada respublikada yashillik darajasini oshirish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish, bioxilma-xillikni taʼminlash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilangan. Biroq bu borada ham amaliyotda turli muammolar vujudga kelishi mumkin. Xususan, “Yashil makon” loyihasi amalga oshirilayotganiga qaramay, koʻchat ekishni qoʻshib yozish, koʻchatlar qurib qolishi kuzatilmoqda. Xususan, sugʻorish tizimi yoʻq joylarga ekilgani sabab 10 million nihol nobud boʻlgan, daraxt koʻchatlarini yoʻllar boʻyida ekish ishlari 33 tuman va shaharda umuman bajarilmagan. Shu sababli ham ekologik chora-tadbirlarni, xususan, “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishda ekologik vaziyatni yaxshilash, aholiga qulay yashash va toza havo muhitini yaratish boʻyicha masʼul idoralar javobgarligi va bajarishi lozim boʻlgan vazifalarini aniq belgilash kerak. Loyihalarni amalga oshirishda hududlarning geografik joylashuvi va iqlimi, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini inobatga olish maqsadga muvofiq.
Toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, deb nomlanib, undan 2 kichik yoʻnalish va 16 maqsad oʻrin olgan. Mazkur ustuvor yoʻnalish xalq xizmatidagi davlatni tashkil etish, jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish va qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimidagi islohotlarga bagʻishlangan.
Eʼtiborli jihati, mazkur ustuvor yoʻnalish doirasida qonunchilikni ixchamlashtirish ishlari nazarda tutilgan. Xususan, qonunchilik hujjatlarini maqbullashtirish natijasida tartibga solish yukini kamida 30 foiz qisqartirish, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, ular ulushini kamida 60 foizga yetkazish, mahalliy kengashlar faoliyatiga oid 500 dan hamda hokimliklar faoliyatiga oid 500 dan ortiq qonunchilik hujjatini tizimlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu kabi ishlarni amalga oshirishda har bir normativ-huquqiy hujjatning amaliyotdagiijrosi aniq tahlil qilinishi, shu asosda tizimlashtirilishi va maqbullashtirilishi kerak. Bunda asosiy eʼtibor qonunchilikni tartibga solish taʼsirini toʻliq baholashga qaratilishi maqsadga muvofiq.
Yana bir muhim masala, davlatning ayrim funksiyalarini qayta taqsimlash va bekor qilish bilan bogʻliq. Loyihada mahalliy kengashlarning 300 dan ortiq funksiyasini qayta koʻrib chiqib, oʻziga xos boʻlmaganini bekor qilish, hokimliklar va vazirliklar boʻlinmalarining bir-birini takrorlovchi 70 dan ortiq funksiyasini optimallashtirish, hokimliklarga yuklatilgan 500 dan ortiq vazifa orasidan ular faoliyatiga xos boʻlmaganlarini bekor qilish nazarda tutilgan. Fikrimizcha, buishlarni amalga oshirishda huquqiy eksperiment sifatida rejalarni amaliyotda sinab koʻrish va shu asosda tegishli vakolat va funksiyalarni bekor qilish yoki maqbullashtirish lozim. Shuningdek, respublika miqyosida amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlardan olingan tajribani qoʻllash ham foydadan xoli emas.
Iqtisodiyot va moliya, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Soliq qoʻmitasi kabi davlat organlarining kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirish hamda mahallalarda 100 dan ortiq davlat xizmatlarini “bir qadam”da koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish vazifalarini amalga oshirishda mahalla davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimiga kirmasligini ham inobatga olish zarur.
Qonun ustuvorligini taʼminlash va sudhuquq tizimidagi islohotlar doirasidagi ayrim maqsadli koʻrsatkichlar obyektiv sabablarga bogʻliq. Xususan, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash amaliyotini 2 barobar kamaytirish hamda garov va boshqa muqobil ehtiyot choralari ulushini 2 barobar oshirish, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish kabi koʻrsatkichlarga erishish bevosita sodir etilgan jinoyatlar soni va ularning ijtimoiy xavflilik darajasiga bogʻliq. Bunday maqsadli koʻrsatkichlarni qayta koʻrib chiqish, uning oʻrniga jinoyatchilik sababi va shart-sharoitlarining oldini olish mexanizmlariga eʼtibor qaratish samara berishi mumkin.
Sudga qadar bosqichda hal etiladigan nizolar toifasini 50 foizga oshirish, sudga qadar hal etilishi mumkin boʻlgan nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushadigan ishlar sonini 50 foizga kamaytirish kabi maqsadli koʻrsatkichlarga erishishda har kimga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish kafolatlanganini eʼtiborga olish lozim. Bu maqsadlarning mazmuni boʻyicha koʻproq nizolarni sudga qadar hal qilish mexanizmi afzalliklarini targʻib qilish, mazkur amaliyotni qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz.
Beshinchi ustuvor yoʻnalish mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish boʻlib, unda 2 kichik yoʻnalish va 11 maqsad aks ettirilgan. Mazkur ustuvor yoʻnalish ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish hamda mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan. Bu yoʻnalishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ham alohida koʻrsatib oʻtish kerak. Chunki bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib, sodir etilayotgan turli huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda kiberjinoyatlar natijasida dunyo miqyosida yetkazilgan zarar 6 trillion dollarni tashkil etadi. Har kuni oʻrtacha 2328 ta kiberjinoyat sodir etiladi. Oʻzbekistonda ham raqamlashtirish jarayoni jadallashayotgan bir vaqtda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash muhim sanaladi.
Umuman olganda, loyihada muayyan masalalarni hal etishda xususiy sektorni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik ulushini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 12 maqsadli koʻrsatkichda davlat-xususiy sheriklik shartlari qoʻllanishi, 17 holatda sohaga xususiy sektorni jalb etish nazarda tutilgan. Mazkur ishlarni amalga oshirishda turli korrupsiogen holatlar vujudga kelishining oldini olishga, ishlarni ochiqlik va shaffoflik asosida adolatli oʻtkazishga eʼtibor qaratish lozim. Ayniqsa, davlat xizmatlarini xususiy sektorga oʻtkazish, sogʻliqni saqlash, qurilish, transport, taʼlim, qishloq xoʻjaligi sohalarida xususiy sektor ulushini oshirish kabi ishlar muhimdir.
Loyihada aks etgan ayrim masalalarni tegishli sohadagi dasturlar va boshqa hujjatlar doirasida amalga oshirish masalasi ham jiddiy. Jumladan, 14 hududda mediastudiya tashkil etish, 7 tadan yirik ijtimoiy aksiya va festival oʻtkazish, 2 ta yangi qoʻgʻirchoq teatri tashkil etish, millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy-ommabop maqolalar sonini 3 barobar oshirish kabilar xususiy va tor doiradagi masalalar boʻlib, ularni strategik jihatdan qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishda 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida bajarilgan ishlarning tahlili, vujudga kelgan muammolar va toʻliq yoki qisman amalga oshirilmagan vazifalarning sabablarini inobatga olish lozim. Bundan tashqari, har bir soha boʻyicha qabul qilingan manzilli hujjatlar ham chuqur tahlil qilinishi zarur. Misol uchun, soʻnggi toʻrt yil davomida muayyan sohalarni 2030-yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan 12 ta dasturiy hujjat qabul qilingan. “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, maktabgacha va maktab, oliy taʼlim tizimlari, ilm-fanni, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv va oʻrmon xoʻjaligi tizimini rivojlantirishga oid konsepsiyalar, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash dasturi, qishloq xoʻjaligini hamda agrar taʼlim tizimini innovatsion rivojlantirish strategiyalari shular jumlasidan.
Hujjatda nazarda tutilgan masalalarning ayrimlari oʻz ifodasini topgan. Shu sababli ularning oʻzaro muvofiqligi va monandligini taʼminlash zarur.
Umuman olganda, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi yetti yilda amalga oshiriladigan muhim ishlarni belgilab bergani sababli uni qabul qilishda chuqur tahlil va zarur asoslarga tayanish lozim. Aynan har tomonlama puxta tuzilgan va bajarilish ehtimoli real imkoniyatdan kelib chiqadigan dasturiy hujjat koʻzlangan maqsadlarga erishishga imkon beradi.
Rasulev Abdulaziz Karimovich, yuridik fanlar doktori, professor