Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani roʻyobga chiqarish maqsadida har bir sohada koʻplab islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarga hamohang tarzda mamlakatimiz Bosh qomusi hisoblangan Konstitutsiyamizga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish bilan bogʻliq ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
2022-yilning iyun oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika Konstitutsiyaviy komissiyasi aʼzolari bilan uchrashib, “Oʻzbekistonda insonning yuksak oʻrni va qadrini, mamlakat uchun qanday qadriyat va manfaatlar ustuvor ahamiyatga egaligi Asosiy qomus hisoblangan Konstitutsiyada aks ettirish – davr taqozosi” ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Darhaqiqat, yangilanayotgan Oʻzbekistonda, avvalo, inson, uning hayoti, erkinligi, manfaatlari oliy qadriyat hisoblanib, xalq manfaati hamma narsadan ustun boʻlishi davlat rahbari tomonidan aniq ifodalab kelinmoqda. Jumladan, Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish boʻyicha fuqarolarning ayrim takliflarga oʻz munosabatini bildirib, mamlakatimiz Asosiy qonunida jinoyat protsessiga doir aks etishi lozim boʻlgan bir qator normalar toʻgʻrisida takliflarini ilgari surdi.
Xususan, huquq-tartibot organlari tomonidan qoʻlga olingan gumon qilinuvchi shaxslar huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida koʻplab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qoʻllash, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarurligi toʻgʻrisidagi takliflar shular jumlasidandir.
Mamlakatimizda jinoyatlarni tergov qilish sohasida “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirishning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-27-son Farmonini (keyingi oʻrinlarda Farmon) keltirish mumkin.
Farmonning 14-bandida adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash borasida tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga oʻtkazish boʻyicha tegishli qonun loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan.
Shu munosabat bilan, koʻplab davlatlarning konstitutsiyalari hamda jinoyat-protsessual qonunchiligini tahlil qilish orqali ushbu davlatlarda jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutiga oid ijobiy normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim va dolzarb masalalardan hisoblanadi.
“Xabeas korpus” — bu shaxs daxlsizligi tamoyili bilan chambarchas bogʻliq ingliz jinoiy-protsessual huquqiy instituti boʻlib hisoblanadi. Ushbu institut, shuningdek, anglo-sakson va romano-german huquq oilalaridagi boshqa davlatlar huquqiy tizimiga ham kirishi bilan xarakterlanadi.
Xabeas korpus nomi (xabere – “ega boʻlmoq” va korpus – “tana” soʻzlaridan) lotincha “habeas corpus ad subjiciendum” iborasining bir qismi boʻlib, “qoʻlga olingan shaxs haqida sudga taqdim etish” maʼnosini bildiradi.
Xabeas korpus institutiga doir tahlillarga nazar tashlansa, ushbu institutning mamlakat konstitutsiyasi darajasida mustahkamlanganligiga guvoh boʻlish mumkin. Bunga Amerika Qoʻshma Shtatlari yaqqol misol boʻla oladi.
Xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalarida shaxs huquqlarini cheklash bilan bogʻliq protsessual harakatlarni oʻtkazishda sudning vakolatlarini belgilash haqidagi qoidalar oʻz aksini topgan.
Xususan, “Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Konvensiya”ning 5-moddasida shaxsning muhim huquqlarini cheklash bilan bogʻliq protsessual majburlov choralari faqat sudning qarori bilan amalga oshirilishi belgilangan.
Ingliz faylasufi Jon Lokkning mulk huquqi daxlsizligiga oid qarashlarida davlat kishilarga ijtimoiy shartnoma konsepsiyasiga asosan erkinlik va hususiy mulk daxlsizligini kafolatlashi lozimligi toʻgʻrisida keltirib oʻtgan. “Xabeas korpus” institutida ham shaxsiy daxlsizlik huquqi bilan birga xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash bilan bogʻliq bir qator normalar oʻrin egallagan.
Jumladan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlash bilan bogʻliq qarorlar sudda koʻrib chiqilishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligi esa, mol-mulkni xatlash bilan bogʻliq qoidalar xususiy mulk daxlsizligi borasidagi xalqaro standartlar va zamonaviy tendensiyalardan birmuncha ortda qolmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi (keyingi oʻrinlarda JPK) 290-moddasiga koʻra, jinoyat ishi doirasida mol-mulkni xatlab qoʻyish surishtiruvchining yoki tergovchining qarori boʻyicha prokuror roziligi bilan yoxud bu tergov harakatini bajarishni tergov organiga topshirishga haqli boʻlgan sudning ajrimi boʻyicha amalga oshiriladi.
Statistik maʼlumotlarga qaraganda, mamlakatimizda soʻnggi 3 yilda fuqarolarga tegishli 4 mingga yaqin mulklar tergovda xatlangan boʻlib, ishni koʻrish natijasi boʻyicha sud tomonidan ularning atigi 1,3 mingtasiga undiruv qaratilgan, 2,7 mingta mulk tergov davrida ortiqcha xatlangani sababli, keyinchalik xatlov bekor qilingan.
Oʻz navbatida, mazkur tartib jinoyat protsessida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgar mol-mulkning daxlsizligini yetarli darajada kafolatlanmaganligidan dalolat, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlil qilinsa, jinoyat protsessida xususiy mulk daxlsizligi bilan bogʻliq masalalar “Xabeas korpus” instituti doirasida tartibga solinganligiga guvoh boʻlish mumkin.
Masalan, Ozarbayjon (JPK 249-modda), Qozogʻiston (JPK 163-modda), Tojikiston (JPK 116-modda) va Gruziya (JPK 151-modda) respublikalarining Jinoyat-protsessual kodekslariga muvofiq, mulkni xatlashga sanksiya berish huquqi bevosita sudga tegishli boʻlib hisoblanadi.
Shu bilan birga, romano-german (kontinental) huquqiy oilasining boshqa ilgʻor rivojlangan mamlakatlari hisoblangan Germaniya va Fransiya jinoyat-protsessual qonunchiligiga koʻra, kechiktirib boʻlmaydigan hollardan tashqari boshqa barcha holatda mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida qaror chiqarishga (sanksiya berishga) faqatgina sud vakolatli sanaladi.
Bugungi kunda bunday norma dunyoning hamma qismlarida, eng avvalo, anglo-sakson huquq tizimida va Lotin Amerikasi mamlakatlarida erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida keng tarqalgan.
Farmonning 14-bandida belgilangan masalalardan navbatdagisi – bu jinoyat protsessi davomida telefon soʻzlashuvlarini eshitib turishga sanksiya berish vakolatini sudlarga oʻtkazishdan iborat.
Milliy qonunchiligimizda (JPK 169-170 moddalar) agar ish boʻyicha toʻplangan dalillar ish uchun ahamiyatga molik maʼlumotlar olinishi mumkinligiga yetarli darajada asos boʻla olsa, surishtiruvchi, tergovchi telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqliligi belgilangan.
Rivojlangan davlatlar tajribasi tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, jinoyat protsessi bilan bogʻliq holatlarda telefon soʻzlashuvlarini eshitishga sanksiya berish vakolati sudlarga tegishli boʻlib hisoblanadi.
Masalan, Germaniya va Italiya davlatlarining qonunchiligiga koʻra, dastlabki tergov davomida shaxsning huquq va erkinliklariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida telefon soʻzlashuvlarini eshitib turish uchun sanksiya berish ixtisoslashgan sudya (GFRda Ermittlungsrichter, Italiyada GIP)lar tomonidan amalga oshiriladi.
AQSHda esa, politsiya tergovining koʻplab shakllari sud hokimiyati nazorati ostida boʻlib, jinoyat ishi boʻyicha tasdiqlangan yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda telefon soʻzlashuvlarini eshitishga sanksiya berishga sudlar vakolatli hisoblanadi.
Shvetsiya qonunchiligiga muvofiq, telefon suhbatlarini faqat sudning roziligi bilan “jinoyatni sodir etish yoki unga tayyorgarlik koʻrish uchun jiddiy asoslar mavjud boʻlganda” qonunchilikda belgilangan mutanosiblik prinsipiga rioya qilish orqali tinglash mumkin boʻladi.
Kanada jinoyat qonunchiligida 1974-yilda qabul qilingan “Fuqarolarning shaxsiy hayotini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni ahamiyatli hisoblanib, ushbu Qonunda telefon va boshqa aloqa vositalarini eshitish uchun majburiy talablar belgilangan. Qonunga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha jabrlanuvchi xavf ostida boʻlgan hollarda, huquqni muhofaza qilish organlari telefon soʻzlashuvlarini eshitish uchun suddan maxsus ruxsat olishlari shart. Bunday sud ruxsatini olish uchun ariza shaxsan tegishli provinsiyalarning Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
Bir qator demokratik mamlakatlar qonunchiligini tahlil qilish asosida xulosa qilish mumkinki, telefon soʻzlashuvlarini tinglash kabi tergov usulidan foydalanish fuqarolarning shaxsiy hayotiga eng jiddiy aralashish bilan bogʻliq holatligini hisobga olib, bunday protsessual harakatlarni amalga oshirish faqatgina sud sanksiyalari orqali amalga oshirilishi maqsadga muvofiq boʻlib hisoblanadi.
Xabeas korpus instituti bilan bogʻliq jarayonlardan yana biri – bu jinoyatlarni tergov qilishda tintuv oʻtkazishga sanksiya berishni sudlar tomonidan amalga oshirilishi bilan bogʻliq munosabatlar hisoblanadi.
Milliy qonunchilik tahlili shuni koʻrsatmoqdaki (JPK 161-modda), tintuv surishtiruvchi yoki tergovchining asoslantirilgan qaroriga binoan, prokurorning sanksiyasi bilan oʻtkaziladi.
Germaniya, Italiya, Gruziya, Rossiya, Belarus, Qirgʻiziston kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, fuqarolarning uy-joy daxlsizligi bilan bogʻliq konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashga oid tezkor qidiruv tadbirlari faqat sudning ruxsati (sanksiyasi) bilan amalga oshiriladi.
Zamonaviy tendensiyalar doirasida tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan transmilliy korporatsiyalar uchun inson huquqlariga rioya qilish boʻyicha qoidalarni belgilash dolzarb va ayni damda murakkab masala hisoblanadi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyati doirasi inson huquqlariga daxldor mehnat, sogʻliq va xavfsizlik, bolalar va isteʼmolchilar huquqlarini qamrab oladi va ularga taʼsir oʻtkazadi. Bunday taʼsirlar sirasiga aholini majburiy koʻchirish, tadbirkorlarning oʻzlarining ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarini “himoya qilish” yoʻlida mahalliy aholi bilan ziddiyatga kirishish, hattoki ularni tanqid qilayotgan faollarni obroʻsizlantirish kabilar kiradi. Boshqacha aytganda, tintuv oʻtkazish va telefon soʻzlashuvlarini eshitish uchun sudlar tomonidan sanksiya berilishi inson huquqlarini nafaqat davlat organlaridan, balki noqonuniy va vijdonsiz biznes vakillaridan ham himoya qilish imkoniyatini kafolatlab beradi.
Yuqoridagilardan koʻrinadiki, Oʻzbekiston Respublikasi JPKda tintuv oʻtkazishga oid protsessual normalarni jahon standartlariga muvofiqlashtirish zarurati mavjud. Shu sababdan kelib chiqadigan boʻlsak, jinoyat-protsessual qonunchiligimizda jinoyat ishi doirasida nafaqat tintuv oʻtkazish uchun, balki telefon soʻzlashuvlarini eshitish hamda mol-mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini sudlar tomonidan amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi normalarni belgilash bugunning eng muhim va dolzarb masalalaridan biri boʻlib hisoblanadi.
Muxtasar aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda sudlarning chinakam mustaqilligini hamda qonun ustuvorligini va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlash, sudyalar tomonidan odil sudlovni amalga oshirish, bir soʻz bilan aytganda, sudlar inson huquqlarining chinakam himoyachisiga aylantirilishining aniq kafolatlarini mustahkamlash davr taqozosi ekanligiga shubha tugʻdirmaydi.
Nigmatov Komron, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining
Sud-huquq sohasidagi qonunchilik shuʼbasi mudiri