Davlatimiz tarixida muhim oʻzgarishlardan biri hisoblangan yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratadi.

Maʼlumki, Konstitutsiya oʻzida insonning xalqaro umumeʼtirof etilgan asosiy huquq va majburiyatlarini jamlagan va oliy yuridik maqomga ega hujjatdir. Shunday ekan, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar barchamiz uchun oʻta muhim va ahamiyatlidir.

 “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan hozirgi islohotlarning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyaning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur boʻlib hisoblanadi. Yaʼni, insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerakligi alohida eʼtirof etilmoqda.

Yaqin yillarga qadar Oʻzbekistonda inson huquqlari holati xalqaro hamjamiyat va tashkilotlar tomonidan qattiq tanqidga olinar, bu nafaqat yurtimiz nufuziga, balki mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatar edi.

 Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning huquq va erkinliklarini kafolatlash va toʻliq himoya qilish masalasi eng ustuvor vazifa sifatida belgilanib, “Inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlat” gʻoyasi asosida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslari yaratildi.

 Inson huquqlari sohasida ilmiy izlanishlar olib borgan olimlardan L.Xart inson huquqlarining dastlabki shakllanishini 1776-yilgi AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi bilan bogʻlaydi. Ushbu deklaratsiyada qayd etilganidek: “Biz barcha insonlar teng yaratilganligi va Yaratgan tomonidan yashash huquqi, erkinlik va baxtli boʻlishga intilish kabi ajralmas huquqlar taqdim etilgan degan ochiq haqiqatdan kelib chiqamiz”.

Boshqa bir mutaxassislar M.Duranti va G.Jellineklar esa, inson huquqlarining bugungi rivojlanishining poydevori sifatida 1789-yilgi fransuz inson va fuqarolari huquqlari Deklaratsiyasi bilan boshlanganligini qayd etishadi. Ushbu tarixiy hujjatda “insonlar teng huquqli va erkin holda tugʻiladilar va shunday yashaydilar” degan qoida mustahkamlangan boʻlib, ushbu normani inson huquqlarini rivojlanishining tamal toshi sifatida koʻrish mumkin.  

Tarixiy tajribaga nazar soladigan boʻlsak, insonning qadr-qimmati, avvalo, uning tabiiy yashash huquqida namoyon boʻlishiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Insonning yashash huquqi – bu eng ulugʻ va muqaddas qadriyatlardan biri boʻlib hisoblanadi.

Yangi Konstitutsiya matniga eʼtibor berilsa, uning 25-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosi taqiqlanadi” degan talab qatʼiy belgilandi.  

Maʼlumki, 1994-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida 33 ta modda boʻyicha oʻlim jazosini tayinlashi mumkin edi. Keyinchalik jinoiy jazolarni librallashtirish natijasida 2008-yilgacha qonunchilikka muvofiq ikki turdagi jinoyat, yaʼni javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun oʻlim jazosi nazarda tutilgan edi, 2008-yil 1-yanvardan oʻlim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilindi.

Oʻz navbatida, Xalqaro Amnistiya tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosining bekor qilinganligini olqishlab, buning ushbu shafqatsiz va gʻayriinsoniy jazoni qoʻllashni butun dunyoda taqiqlash yoʻlida yana bir muhim qadam boʻlganligini qayd etdi.

Akademik A.Saidovning fikricha, Oʻzbekistonda oʻlim jazosining bekor qilinishi quyidagi uch nuqtayi nazarni oʻz ichiga oladi.

Birinchidan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim tarixiy voqea;

ikkinchidan, sud-huquq islohatlarining uzviy tarkibiy qismi va muhim bosqichi;

uchinchidan, Oʻzbekistonda amalda shakllantirilayotgan adolatli va insonparvar fuqarolik jamiyati sari qoʻyilgan qadam deb baholash mumkin.

Buyuk fransuz yozuvchisi va faylasufi Viktor Gyugo shunday degan: “Bir mushohada qilib koʻring, oʻlim jazosi nima? Oʻlim jazosi vaxshiylikka xos abadiy belgi! Bunday jazo mavjud boʻlgan joyda kamdan kam hollarda sivilizatsiya rivoj topadi. Balkim oʻlim jazosini siz bugun tugatmaysiz. Ammo uni ertaga, albatta, tugatasiz yoxud uni sizning vorislaringiz tugatadilar”.

Darhaqiqat bizning mamlakatimizda ham har doim ham insonga muruvvat koʻrsatilgan, unga jabr-zulm qilish eng axloqsizlik hisoblansa, inson hayotiga tajovuz qilish va uni oʻlimga mahkum etish qattiq qoralangan.

Islom olamining mashhur muhaddislaridan Abu Iso Muhammad Ibn Iso Termiziy hadislarida odamlarni qon toʻkmaslikka daʼvat etgan: “Olloh toloning nazdida bir musulmon kishshining noxaq qatil etilishidan koʻra yorugʻ dunyoning barbod boʻlib ketishi yengilroqdir”.

Shuningdek, buyuk hadisshunos Ismoil al-Buxoriyning: “Birovga zarari tegmagan kishi musulmondir”, kabi hadislar ham insonlarni bir- birlariga zulm qilmaslikka undaydi.

Nemis olimi K.Mittermayer oʻlim jazosining ijtimoiy mohiyati toʻgʻrisida koʻp amaliy tahlillarni oʻtkazib, bu jazo turining ommaning oldida ochiq ravishda ijro etish zararli ekanligini ishonarli dalillar bilan isbotlagan boʻlsa, yana bir nemis olimi Getsel va uning fransuz maslakdoshi Gaus oʻlim jazosi tarixidan maʼlumotlar bu jazo adolatsiz va noaqllikdan iborat, ahloqsizlik va vahshiyliklar degan xulosaga kelganlar.

Xalqaro huquq normalarida ham insonlarning yashash huquqi eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilib, bu boʻyicha xalqaro standartlar, umum eʼtirof etilgan qoidalar qabul qilingan.

 Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasida har bir inson yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan. Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Paktning 6-moddasi 1-bandida bunga keng taʼrif beriladi: «Har bir insonning yashash huquqi uning ajralmas huquqidir. Bu huquq qonun bilan muhofaza etiladi. Hech kim oʻzboshimchalik bilan insonni yashash huquqidan mahrum qila olmaydi».

 Maʼlumot uchun: Xalqaro standartlarga muvofiq, oʻlim jazosiga doir boʻlgan yana ikkita asosiy xalqaro mavjud: bular

Ø“Oʻlim jazosiga mahkum etilganlarning huquqlarini himoya qilishini taʼminlash choralari” – BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi tomonidan 1984-yil 5-mayda maʼqullagan Rezolyutsiya;

Ø“Qonunsiz, oʻzboshimcha va ommaviy oʻlim jazolarining oldini olish va tergov qilish samaradorligi prinsiplari” – BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining 1989-yil 24 maydagi Rezolyutsiyasi. 

Ushbu ikkila xalqaro hujjatda nazarda tutilgan normalarning deyarli barchasi milliy qonunchiligimizning negiziga singdirilgan.

Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoev inson shaʼni, qadr-qimmati haqida gapirar ekan, “Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz” deb taʼriflaydi.

 Biroq, shunga qaramay, yangilangan Konstitutsiyaga (loyiha matni vaqtida) ayrim fuqarolar tomonidan oʻlim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilganligi davlat rahbari tomonidan 2022-yilning iyun oyida Konstitutsiyaviy komissiya bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda qayd etib oʻtilgan edi.

Vaholanki, demokratik va insonparvar gʻoyalarni oliy qadriyat darajasiga koʻtargan dunyodagi aksariyat davlatlarda oʻlim jazosi bekor qilingan.

 Maʼlumot uchun: oʻlim jazosi Portugaliyada 1867-yildan, Buyuk Britaniyada 1969-yildan, Fransiyada 1981-yildan, GDRda 1987-yildan, Ispaniyada 1975-yildan buyon qoʻllanilmaydi.

 Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi boʻlib, qonun bilan muhofaza qilinishi bir qator davlatlar xususan, Germaniya, Belgiya, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Italiya, Turkiya va boshqalarda konstitusyaviy darajada mustahkamlangan.

 Maʼlumot uchun: Bugungi kunda 106 davlatda (Italiya, Norvegiya, Shvetsiya, Polsha va boshqalar) oʻlim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan.

Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi boʻlib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning oʻzi ato etgan.

 Qonuniy jihatdan oʻlim jazosini bekor qilgan mamlakatlarga oid statistika doimiy ravishda oʻlim jazosi va jinoyatchilik darajasi oʻrtasida hech qanday bogʻliqlik yoʻqligini koʻrsatadi. BMT tomonidan 1996-yilda oʻtkazilgan jiddiy tadqiqot natijalari «oʻlim jazosi tiyib turuvchi omil sifatida umrbod qamoq jazosidan koʻra samaraliroq ekanligi»ga birorta ham isbot yoʻqligini tasdiqladi. Oʻlim jazosi qoʻllaniladigan AQSHning baʼzi shtatlarida ham ushbu jazo chorasi jinoyatning oldini olmasligi yoki kamaytirmasligini koʻrsatgan.

Bu borada mashxur faylasuf Chezare Bekkarianing “oʻlim jazosining bor yoki yoʻqligi jinoyatchilik darajasiga taʼsir koʻrsatmaydi, negaki, jinoyatlardan tiyib turadigan samarali vositalardan biri jazoning shafqatsizligida emas, muqarrarligida namoyon boʻladidegan fikrlari ham oʻrinlidir.

Ushbu aksioma rad qilib boʻlmaydigan haqiqatdir. Umuman, oʻlim jazosi haqida gapirganda, uning nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy, axloqiy va psixologik aspektlarini ham hisobga olish zarur.

Maʼlumot uchun: Germaniyada Karl V davrida 100 ming nafar, Angliyada Genrix VII tomonidan 70 ming nafar, Niderlandiyada Filipp II tomonidan 18 ming nafar kishiga nisbatan oʻlim jazosi belgilangan boʻlsa, Rossiya tarixida Ivan Grozniy deb nom olgan Ivan IV davrida qabul qilingan “Sud hujjati”da 60 turdagi jinoyatlarga nisbatan oʻlim jazosi belgilangan.  Ammo, ming afsuski, ularning barchasi yuqorida nomlari sanab oʻtilgan davlatlarda jinoyatchilik kamayishi oʻrniga yildan-yilga oshib boravergani tarixiy haqaqatdir.

Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartirish nafaqat oʻlim jazosini bekor qilish, balki qatʼiy ravishda Oʻzbekiston oʻlim jazosi taqiqlanishini eʼlon qilmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyamizning ayrim normalariga eʼtibor berilsa, unda inson huquqlari har narsadan ustunligi gʻoyasi nafaqat yangi Konstitutsiyada, balki amalda ham oʻz isbotini topayotganligiga guvoh boʻlish mumkin.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev 2022-yil 20-iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emasligini qatʼiy yozib qoʻyish zarurligi qayd etgan edi.

Davlatimiz rahbari “Bir jinoyat uchun butun avlod javob berishi, otasining qilmishi uchun farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi adolatsizlikning koʻrinish hisoblanadi. Mazkur  “tizim” xalqimizga nisbatan sobiq tuzum davrida, ayniqsa, oʻtgan asrning 30-yillaridagi siyosiy qatagʻonlaridan meros boʻlib qolgan. Bunday yondashuvdan butunlay voz kechish davr talabi hisoblanadi. Shu bois, Konstitutsiyamizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emas”, deb qatʼiy yozib qoʻyishimiz kerak”ligini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bagʻishlangan marosimda ham alohida urgʻu berib taʼkidlagandi.

Darhaqiqat, sudlanganlik shaxsning va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi demokratik davlat talablaridan kelib chiqadi.

Yangi Konstitutsiyaga kiritilgan 28-moddasida “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas”ligi belgilanmoqda.

Bunday oʻzgartirish sudlangan shaxslar qarindoshlarining huquqlarini asossiz cheklashni bartaraf etadi. Sovet tizimidan meros boʻlib qolgan mazkur tajribadan voz kechish har kim faqat oʻzi sodir etgan jinoyatlar uchun javob berishi qoidasini joriy etishga zamin boʻladi.

2018-yil 18-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan Mehnat kodeksi 78-moddasi shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etish deb hisoblanishi belgilandi.

Amaldagi Jinoyat kodeksiga koʻra, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Aslida, sud tomonidan jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi.

Shaxs huquqlarini sudlanganligi munosabati bilan asossiz cheklash mumkin emasligi BMTning 1966-yil 16-dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro pakt normalarida umumiy tarzda ifodalangan.

Maʼlumot uchun: Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi umumiy holda Polsha, Serbiya, Ispaniya, Xorvatiya, Sloveniya va boshqalar konstitutsiyalarida mustahkamlangan.

Yangilangan Konstitutsiya normalariga sinchiklab nazar tashlansa, unda xalqaro standartlar va ilgʻor rivojlangan xorijiy mamlakatlar qonunchiligida mavjud normalar oʻz ifodasini topganligiga guvoh boʻlish mumkin.

Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning 28-moddasida aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerakligi, hamda hech bir shaxs oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning tashabbusi bilan ilgari surilgan masalalardan biri – bu “Xabeas korpus” institutini rivojlantirishga qaratilgan norma boʻlib hisoblanadi. Yaʼni, shaxs sudning qaroriga qadar koʻpi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi, agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqa turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi shular jumlasidandir.

Xabeas korpus institutiga doir tahlillarga nazar tashlansa, ushbu institutning mamlakat konstitutsiyasi darajasida mustahkamlanganligiga guvoh boʻlish mumkin. Bunga Amerika Qoʻshma Shtatlari yaqqol misol boʻla oladi.

Bu haqdagi muhim normani ham Bosh Qomusimizning 27-moddasida aks etgani mantiqan toʻgʻri boʻldi. Bunday qoidalar inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari – oliy qadriyat, degan ezgu tamoyilga har tomonlama mos keladi.

Mamlakatimizda jinoyatlarni tergov qilish sohasida “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirishning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-27-son Farmonini keltirish mumkin.

Farmonning 14-bandida adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash borasida tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga oʻtkazish boʻyicha tegishli qonun loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan.

Keltirilgan ushbu normalar Oʻzbekiston Respublikasida “Xabeas korpus” institutini chinakamiga rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy choratadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda inson huquqlarini taʼminlashga oid ilgari surgan hamda yangi Konstitutsiya matnida belgilangan qoidalardan yana biri “Miranda qoidasi” boʻlib hisoblanadi.

“Miranda qoidasi” dastlab AQSH milliy qonunchiligi va amaliyotida paydo boʻlgan boʻlsa-da, bugun xalqaro huquqning eng asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Unga koʻra, hibsga olingan shaxs, hisbga olinish jarayonida hamda soʻroq qilinishidan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari quyidagi mazmunda tushuntiriladi.

Maʼlumot uchun: “Miranda qoidasi” Turkiya Jumhuriyati Konstitutsiyasining 13-boʻlim 38-moddasida oʻz ifodasini topgan.

Bu tartib-tamoyilning asosiy maqsadi hibsga olingan shaxs jinoyat ishi hamda ayblovning mohiyati bilan tanishmasdan turib, oʻziga qarshi guvohlik berishining oldini olish hisoblanadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, “Miranda qoidasi” talablari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining bir nechta moddasida oʻz ifodasini topgan. Xususan, Jinoyatprotsessual kodeksining 23-moddasiga muvofiq, sukut saqlash huquqi belgilangan. Unga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Boshqacha aytganda, milliy qonunchiligimizda sukut saqlash yoki hech qanday koʻrsatma bermaslik huquqi aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga asoslangan.

Bundan tashqari, ushbu kodeksning 46 va 48-moddalariga koʻra, shaxs, yaʼni ayblanuvchi yoki gumondor oʻziga qoʻyilgan ayblov yo gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish yoxud koʻrsatmalar berishdan bosh tortishga haqlidir.  Shuningdek, u koʻrsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlish huquqiga ega.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Miranda qoidasi” Oʻzbekistonning amaldagi jinoyatprotsessual qonunchiligida aks etgan degan xulosaga kelish mumkin. Ammo “Miranda qoidasi”  Jinoyat-protsessual kodeksida “sochib tashlangan”, yaʼni tarqoq belgilangan, aslida bu qoida yaxlit tushunilsagina, amalda samarali qoʻllanishi mumkin.

Shu bilan birga, “Miranda qoidasi” Konstitutsiya darajasida belgilanishi lozim boʻlgan inson huquqlariga oid eng asosiy qoida hisoblanadi. Boshqacha aytganda, “Miranda qoidasi”ni Jinoyat-protsessual kodeksida belgilab qoʻyishning oʻzi kamlik qiladi. Bu qoida xalqqa eng yaxshi tanish va tushunarli hujjat hisoblangan Asosiy qonunda ifodalanganligi maqsadga muvofiqdir.

Shunday ekan, fuqarolar “Miranda qoidasi” boʻyicha huquqlarini Jinoyat-protsessual kodeksi orqali emas, birinchi galda, Konstitutsiya orqali bilib olishlari muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, “Miranda qoidasi”ning Konstitutsiyamizda ifodalanishi ushbu tamoyilni toʻlatoʻkis qoʻllanishi uchun zarur huquqiy kafolatlar yaratadi.

Bu qabul qilingan normalar zamirida inson huquqlari eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilganligini koʻrish mumkin.

Mamlakatimiz tarixida birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylandi. Oʻzbekistonning Jeneva shahridagi BMT boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi oʻrinbosarligiga saylandi.

Mamlakatimiz qoʻshilgan xalqaro hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy maʼruzalar BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi hamda shartnomaviy qoʻmitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda. Oʻtgan davrda Oʻzbekistonning inson huquqlari va erkinliklari masalalari boʻyicha majburiyatlari bajarilishi yuzasidan BMTning ustav va shartnoma organlariga 41 ta milliy maʼruza taqdim etildi.

Oʻzbekiston jahon minbarlaridan ilgari surgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlashga, bir soʻz bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarishga qaratilgani uchun xalqaro hamjamiyatning eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.

Bularning barchasi Yangi Oʻzbekistonning islohotlar yoʻli toʻgʻri tanlanganidan dalolat beradi. Binobarin, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Islohotlar ortga qaytmaydigan muqarrar tus olgani real haqiqatdir”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) Zokirov Sherzod.