“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng jamoatchilik vakillarining, malakali mutaxassislar va ekspertlarning takliflari asosida shakllantirilib, har taraflama chuqur muhokama qilindi hamda joriy yilning 30-aprel kuni referendum oʻtkazish (umumxalq ovoz berishi) yoʻli bilan qabul qilindi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyat va fuqarolarning iqtisodiy hayoti bilan bogʻliq boʻlgan bir qator muhim normalar koʻzda tutilmoqda. Xususan, har bir shaxsning mulkdor boʻlish huquqi, mulkdorning oʻz mol-mulkidan erkin foydalanishi va tasarruf etishi, undan sud qarorisiz mahrum etilmasligi, uy-joyga boʻlgan huquqning daxlsizligi, yerdan xususiy mulk sifatida foydalanish huquqining taʼminlanishi kabi normalar shular jumlasidandir.
Taʼkidlash joizki, bir tomondan, oxirgi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan muhim iqtisodiy islohotlar bu kabi normalarni Asosiy qonunimizda aks ettirishni talab etgan boʻlsa, ikkinchidan, mulkchilik munosabatlarining shiddat bilan rivojlanishi va mulkdorlarning huquqlarini himoya qilishga boʻlgan ehtiyoj Konstitutsiyamizdagi mulkchilik bilan bogʻliq huquqiy normalarni takomillashtirishni taqazo etmoqda edi.
Yangilangan Konstitutsiyaning 47-moddasiga koʻra, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi.
Mazkur konstitutsiyaviy norma bir necha yillardan buyon jamiyatimizda oʻtkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bogʻliq ogʻriqli masalaga nisbatan xalqparvar va mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim boʻladi.
Bundan tashqari, fuqarolarimizning uy-joyga boʻlgan huquqini Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi turar joy daxlsizligining kafolatlarini kuchaytiradi. Bu esa, oʻz navbatida, xalqimizning davlatga nisbatan ishonchi mustahkamlanishiga olib keladi.
Bugungi kunda dunyoda 1,8 mlrd.dan ortiq aholi normal yashash uchun zaruriy shart-sharoitga ega boʻlmagan uy-joyda yashamoqda, shuningdek, 150 mln.dan ortiq aholining doimiy uy-joyi mavjud emas[1].
Shu nuqtayi nazardan, yuqoridagi konstitutsiyaviy norma uy-joy qurilishini davlat tomonidan ragʻbatlantirilishiga va ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan taʼminlashning qonuniy asosi boʻlib xizmat qiladi, shuningdek, uy-joyga boʻlgan huquqning adolatli ravishda amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoit yaratadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan nazarda tutilayotgan muhim iqtisodiy normalardan biri – bu mulk huquqining daxlsizligi va himoya qilinishidir.
Ushbu konstitutsiyaviy normaga (65-moddaga) koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanadi. Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
Mazkur normaning Konstitutsiyada aks ettirilishi, avvalambor, davlatimiz iqtisodiyotida muhim rol oʻynayotgan mulkdorlar huquqlari himoya qilinishining kafolatlarini kuchaytirsa, ikkinchi tomondan, mulkchilik munosabatlarining yanada mustahkam rivojlanishiga huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi, bu esa oʻz navbatida butun bir mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga va xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashga mustahkam huquqiy poydevor boʻladi.
Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, mulk huquqini qatʼiy taʼminlash va himoya qilish borasidagi muammolar, mansabdor shaxslar faoliyatidagi byurokratiya va sansalorlik ushbu sohadagi shikoyatlarning sezilarli darajada koʻpayishiga olib keladi.
Xususiy mulkni himoya qilish sohasida oxirgi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar va koʻrilgan choralar natijasida bu boradagi muammolar sezilarli darajada hal etilgan boʻlsada, ayrim hollarda oʻzboshimchalik bilan xususiy mulk huquqini poymol qilish, ayrim mansabdor shaxslarning adolatsiz va asossiz vajlar bilan koʻchmas mol-mulkni buzish holatlari ham kuzatilmoqda.
Yuqoridagi konstitutsiyaviy norma, oʻz navbatida, mulk huquqini himoya qilish borasidagi muammoli vaziyatlarga barham berishga xizmat qiladi va mansabdor shaxslarni mulk huquqi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda jiddiy hushyorlikka chaqiradi.
Shu bilan birga, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat YAIMdagi oʻrni oʻrtacha 53%ni, qurilish sohasidagiulushi esa 74%ni tashkil etmoqda va ish bilan band aholining 75%ga yaqin qismi aynan ushbu tadbirkorlik subyektlarida mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Ushbu keltirilgan raqamlarning oʻzi ham tadbirkorlik sohasining mamlakatimiz iqtisodiyotida qanchalik muhim oʻrin tutayotganligidan dalolat bermoqda hamda ularning huquqlari va mulklari davlat tomonidan yuqori darajada himoya qilinishi zarurligini taqazo etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, xususiy mulk himoyasini Konstitutsiya darajasida mustahkamlash tadbirkorlik subyektlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususiy mulkka boʻlgan huquqning daxlsizligini hamda mulkdorning qonunga xilof ravishda oʻz mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligi kabi huquqiy normalarni Germaniya, Daniya, Indoneziya va Gruziya kabi rivojlangan xorijiy davlatlarning Konstitutsiyalarida ham koʻrish mumkin[2].
Yangilangan Konstitutsiya bilan nazarda tutilayotgan yana bir muhim iqtisodiy norma – bu yerdan xususiy mulk sifatida foydalanish mumkinligi toʻgʻrisidagi normaning Asosiy qonunimizda aks ettirilganligidir.
Ushbu konstitutsiyaviy normaga (68-moddaga) asosan, yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʻlishi mumkin.
Bugungi kunda fuqarolarga tegishli uy-joylar, tadbirkorlarga tegishli binolar joylashgan yer uchastkalari ularga mulk huquqi asosida tegishli emas, yaʼni bino oʻziniki, yer davlatniki. Bozor iqtisodiyoti yerni ham xususiy mulk asosida ularga tegishli boʻlishini talab etadi.
Mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli yerlarni ularni oʻzlari tomonidan xususiylashtirib olish imkoniyati yaratilmoqda. Xususan, 2021-yil 15-noyabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, fuqaro va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin.
Shu bilan birga, yerni xususiy mulk sifatida fuqarolarga berilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi huquqiy normalarni xorijiy davlatlar, masalan, Gretsiya, Ruminiya, Italiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning Konstitutsiyasida ham koʻrish mumkin.
Taʼkidlash joizki, yerni xususiy mulk sifatida berilishi toʻgʻrisidagi normaning amaliyotga joriy etilishi Oʻzbekiston sharoitidagi iqtisodiy munosabatlarda oʻta muhim islohot boʻlib, uni mamlakat Konstitutsiyasida aks ettirishni, avvalambor, bozor munosabatlarining rivojlanishi talab etgan boʻlsa, ikkinchidan, fuqarolar va yuridik shaxslarning yerga boʻlgan huquqlarini ishonchli himoya qilinishini taʼminlanish taqazo etdi.
Uzoq yillar mobaynida Oʻzbekistonda yerga nisbatan xususiy mulkning toʻlaqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamini yetarlicha shakllanmasligiga, yerni haqiqiy tovar sifatida bozor muomalasiga kiritilmasligiga hamda xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotga nisbatan ishonchini pasayishiga olib keldi.
Endilikda xususiy mulk boʻlgan yer uchastkasining egasi unga nisbatan haqiqiy mulkdor sifatida uni sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qoʻyish va meros qilib qoldirish huquqini qoʻlga kiritadi. Eng muhimi, bunday yerni davlat faqat mulkdorning roziligi bilan, shartnoma asosida va bozor narxida baholatgandan soʻng jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishi mumkin. Bir soʻz bilan ayganda, yer “snos”ga tushib ketmaydi, davlat yerni kelishilgan narxda mulkdorning roziligi bilan sotib olsagina, yer unga oʻtadi.
Hech bir mubolagʻasiz ushbu norma yangilangan Konstitutsiyamizdagi haqiqiy inqilobiy yangiliklaridan biri boʻlib, mulkchilik munosabatlardagi katta boʻshliqni toʻldirmoqda.
Taʼkidlash oʻrinliki, XXI asrda Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish dunyo davlatlarida normal holat sifatida baholanmoqda va koʻplab davlatlar jamiyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishidan kelib chiqib, oʻz konstitutsiyalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritmoqdalar.
Masalan, oxirgi 23 yil davomida 57 ta davlatda yangi Konstitutsiya qabul qilingan boʻlsa, 90 ga yaqin davlatda esa konstitutsiyaviy oʻzgarishlar amalga oshirilgan.
Oʻz navbatida, jamiyat hayotida sodir boʻlayotgan jiddiy oʻzgarishlar va islohotlarning asosiy mazmun-mohiyatini mamlakat Konstitutsiyasida aks ettirish ushbu islohotlarning natijadorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, konstitutsiyaviy islohotlar doirasida nazarda tutilayotgan huquqiy normalar xususiy mulkning ishonchli himoyasini taʼminlashga hamda jamiyatda kuchli va mustahkam mulkdorlar qatlamining shakllanishiga, shuningdek, mulkdorlarning davlatga nisbatan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
[1]https://podrobno.uz/cat/obchestvo/konstitutsionnoe-pravo-na-zhilishche-osnova-blagosostoyaniya-cheloveka/
[2] https://www.constituteproject.org/countries?lang=en
Jumayev Qahhor Hakimali oʻgʻli –
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va
huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi