Takliflar jismoniy va yuridik shaxslar murojaatining alohida oʻziga xos turi boʻlib, oʻz mohiyati, mazmuni va koʻzlangan maqsadi boʻyicha murojaatlarning boshqa turlaridan farq qiladi. Takliflarda nafaqat jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlari, balki davlat va jamiyat hayotiga bogʻliq boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, sud-huquq, maʼnaviy, tarixiy, maʼrifiy sohadagi ijtimoiy munosabatlarni rivojlanishiga muhim taʼsir qiluvchi omillar ham ifodalangan boʻlishi mumkin. Shuning uchun vakolatli davlat organlari har bir taklifni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqishlari zarur. Chunki, bu vosita orqali jismoniy va yuridik shaxslar davlat va jamiyat ishlarida bevosita ishtirok etib, boshqaruv faoliyatiga samarali taʼsir koʻrsatadilar.
Takliflar fuqarolar murojaatining alohida va mustaqil turi boʻlib, u oʻz mohiyati, mazmuni va maqsadi boʻyicha murojaatlarning boshqa turlaridan farq qiladi. Taklif fuqarolarning asosan ijtimoiy xarakteriga ega murojaatlari boʻlib, unda birinchidan, qonunchilikni, huquq-tartibotni u yoki bu davlat organlari, korxona, tashkilot, muassasa, jamoat birlashmalarining faoliyatini, tarkibiy tuzilishini takomillashtirish zarurligi haqida mulohazalar bayon qilinsa, ikkinchidan, bu borada aniq taklif va tavsiyalar beriladi.
Bizga maʼlumki, takliflar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda va qonunchilikni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, berilgan taklif amaliyotga joriy etilsa yoki undan samarali foydalanilsa, taklif bergan jismoniy va yuridik shaxslarni moddiy ragʻbatlantirish institutini joriy qilish foydadan holi boʻlmaydi. Zero, bu jismoniy va yuridik shaxslarni davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda faol boʻlishlari uchun muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Qoida tariqasida, murojaatlar umumiy miqdoriga nisbatan takliflarning foizi koʻpayganligi jismoniy va yuridik shaxslarning siyosiy faolligi ortganidan yoki jamiyat va davlat ishlarini boshqarishga befarq emasligidan dalolat berib, bu ijobiy holat deb qaraladi. Biroq, shikoyatlar sonining ortgani, ayniqsa, takroriy shikoyatlarning koʻpayishi salbiy hodisa boʻlib, muayyan davlat organi faoliyatida yoki maʼlum bir sohada qonunbuzarlik holatlari mavjudligidan darak beradi.
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslar murojaati deganda, asosan, ularning ariza va shikoyat shakllari tushuniladi. Rivojlangan davlatlarda esa, fuqarolar tomonidan berilayotgan takliflarni oʻrganib chiqish hamda ularni ragʻbatlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Masalan, AQSHning Chikago shtatida universitet professori
Tom Brayn tomonidan mahalliy soliq organlariga soliq yigʻimlarini soddalashtirish boʻyicha qator takliflar bir necha yillar mobaynida taqdim etilgan. Biroq, bunga hech qanday munosabat bildirilmagan. Muayyan vaqt oʻtgandan keyin bu kamchilikka yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar oʻz lavozimidan ozod etilgan. Chunki, professor tomonidan berilgan takliflar amaliyotga joriy etilganda, davlat xazinasiga odatdagidan koʻproq mablagʻ tushirish imkoniyati mavjudligi maʼlum boʻladi.
Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunida murojaat turlaridan biri sifatida belgilangan takliflarga ham eʼtibor berish bugunning eng zarur vositalaridan hisoblanadi.
Zero, davlat organlariga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ushbu organlar faoliyatini takomillashtirish, davlat va jamiyat, fuqarolar manfaati uchun xizmat qiladigan takliflar ham yoʻllanadi. Takliflarni sinchkovlik bilan oʻrganish, ular boʻyicha monitoring olib borish, har tomonlama foydalilarini amaliyotga joriy qilish va ularni ommalashtirish kerakligini taʼkidlashimiz oʻrinli hisoblanadi.
Taklif institutini mukammal rivojlantirish zarur. Davlat organlari amaliyot materiallari bilan tanishish, ularni tahlil qilish, bu organlarning faoliyatini kuzatish barobarida fuqarolardan yoʻllangan takliflarni oʻrganib chiqib, ular boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi loyihalar, davlat va jamiyatning kamchiliklari mavjud sohalarini oʻrganib, ular yuzasidan kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirish, oʻrganishlar natijasiga koʻra ijobiy holatlarni keltirib chiqargan takliflarni ushbu organlarning rasmiy saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon qilinmaganligi uchun ham jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yoʻllanayotgan murojaat turlaridan biri boʻlgan takliflarga ham alohida eʼtibor berish muhim hisoblanadi. Zero, murojaatlar faqatgina ariza yoki shikoyatlardan iborat emasligini yodda tutish darkor.
Yuqorida keltirilgan fikrlarni jamlagan holda quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:
birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari tomonidan davlat va jamiyat, ijtimoiy hayotning turli jabhalarini rivojlantirish borasida davlat organlariga yoʻllanayotgan takliflarga alohida eʼtibor qaratish;
ikkinchidan, davlat organlariga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan har bir taklifni sinchkovlik bilan oʻrganib, davlat va jamiyat hayotining muhim sohalari rivojlanishi uchun xizmat qiluvchi takliflar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilish;
uchinchidan, har bir davlat organi, tashkiloti va muassasasi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan takliflar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida aholiga muntazam axborot berib borishlari lozim.
Muxtasar aytganda, davlat organlariga jismoniy va yuridik shaxslar nafaqat oʻzlarining buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash borasida, balki davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga doir oʻzlarining asoslantirilgan takliflarini ham yuboradilar. Shuning uchun ular tomonidan yoʻllanayotgan takliflarga ham alohida eʼtibor berish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Sherzod Zokirov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)