O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023–yil 21-iyulda “Ma’muriy islohotlar doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-111-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bevosita investitsiyalar, sanoat va savdo sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ushbu Farmon bilan bir qator o‘zgarishlar va yangiliklar nazarda tutilmoqda.
Jumladan:
– Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining mazkur yo‘nalishdagi asosiy vazifalari va vakolatlari kengaytirilmoqda;
– “investitsiya menejerlari” lavozimi joriy etilib, ularning asosiy vazifasi – investorlarga loyiha ishga tushirilgunga qadar barcha bosqichlarda hamrohlik qilish, xususan yer olish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi masalalarni hal etishda ko‘maklashish etib belgilanmoqda;
– “yagona darcha” tamoyili asosida “onlayn” rejimda faoliyat yurituvchi Investorlar markazi tashkil etiladi;
– Eksportni rag‘batlantirish agentligi tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida “onlayn” rejimda faoliyat yurituvchi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan
Eksportchilar markazi tashkil etiladi;
– 2023-yil 1-avgustdan boshlab yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vazirlik va idoralarda “loyiha ofislari” tashkil etiladi;
– 2023-yil 1-dekabrga qadar O‘zbekiston Milliy sanoat portali yaratiladi. Bunda, ushbu sanoat portali Soliq qo‘mitasi, Statistika agentligining ma’lumotlar bazasi hamda “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilinadi;
– Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi;
– Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat va tashqi bozorlarni tahlil qilish markazi tashkil etiladi;
– ishlab chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida bino-inshootlar xarid qilish va ijaraga olish uchun kreditlar «Sanoat ipotekasi» tizimi asosida ajratiladi;
– investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish hamda tadbirkorlik sohalarida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan nazorat samaradorligini yanada kuchaytirish maqsadida prokuratura organlariga 35 ta shtat birligi ajratiladi.
Mazkur Farmon “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, yurtimizning investitsion jozibadorligini va eksport salohiyatini oshirishga, shuningdek, sanoat va savdo sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Q.H.Jumayev – Iqtisodiy sohada qonunchilik
shu’basi yetakchi ilmiy xodimi