I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagiQonunchilik va huquqiy siyosat instituti huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda – Kengash) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-noyabrdagi “Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–247-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-dekabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi PQ–462-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik
va huquqiy siyosat instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut)ga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash, mamlakatda huquqiy siyosat sohasida olib borilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirishda koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan.
2. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, mazkur Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
II. Kengashning asosiy vazifalari, faoliyatining
ustuvor yoʻnalishlari va funksiyalari
3. Kengashning asosiy vazifalari, faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
davlat strategik dasturlarining ijrosini, ularning huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining qonun ijodkorligi, norma ijodkorligini faoliyati holatini prognozlash va tahlil qilishga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga oid qarorlari loyihalarini ilmiy asoslantirish, shuningdek, davlat huquqiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, ularning amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish jarayonini axborot-tahliliy, ilmiy va ekspertlik jihatdan taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarda ishirok etish;
davlat organlari, ayniqsa, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanishi holatini monitoring qilib borish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida yangi oʻquv dasturlari, darsliklar va boshqa qoʻllanmalarni tayyorlash boʻyicha ilmiy-metodik chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishda ishtirok etish;
huquqni qoʻllash amaliyoti, qonunlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari ijrosi samaradorligini taʼminlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish;
qonunchilik hujjatlarining mamlakatda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, islohotlarga taʼsirini baholashdan oʻtkazishga koʻmaklashish, islohotlarni huquqiy taʼminlash samaradorligini yanada oshirish boʻyicha takliflarni tayyorlash;
davlat va jamiyat qurilishi sohasida strategik rejalashtirish tizimining huquqiy asoslarini tashkil etish va takomillashtirish, mamlakatning huquqiy siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, bu sohaga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha takliflar tayyorlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga qonunchilikni, uning tarmoqlari va institutlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash masalalari boʻyicha maslahatlar berish, tegishli taklif va tavsiyalar tayyorlash;
qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish, ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarining ekspert kuzatuvini amalga oshirishning uslubiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
qonunchilik va huquqiy siyosat rivojlantirish sohasida kompleks fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha taklif va tavsiyalarni tayyorlash, ularning natijalarini qonun ijodkorligi ishlariga doir davlat dasturlarini tayyorlash jarayoniga joriy etilishini taʼminlash;
rivojlangan davlatlarning qonunchiligi va huquqiy siyosatini shakllantirish va amalga oshirish tajribasini qiyosiy, tizimli oʻrganishni tashkil etish, ularni Oʻzbekiston Respublikasiga joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Kengashning ish dasturlari, shuningdek, Instansiya topshirigʻiga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida norma ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti, qonunchilik va huquqiy siyosatning boshqa dolzarb masalalari boʻyicha tahlillar oʻtkazish.
4. Kengashning asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
respublikaning tegishli vazirliklari va idoralaridan kelib tushadigan maʼlumotlarni, shuningdek hujjatlarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilish, ular asosida konstitutsiyaviy va davlat qurilishi sohasida strategik rejalashtirish tizimini samarali tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
ilmiy va amaliy tadqiqotlar, ekspert baholari, respublika vazirliklari va idoralarining xulosalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boʻlinmalari uchun mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mazkur sohada huquqiy siyosatni amalga oshirish masalalari boʻyicha ilmiy asoslantirilgan tavsiyalar ishlab chiqish;
turli idoralarning ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengashlari bilan birgalikda huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish sohasida davlat organlari qarorlari loyihalariga takliflar ishlab chiqish boʻyicha ishlarni amalga oshirish;
xalqaro amaliyot tavsiyalari asosida Oʻzbekistonning xalqaro norma ijodkorligi sohasiga faol kirib borishi, davlatlarning keng doirasi va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan huquqiy hamkorligini yanada kengaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Institut va boshqa tadqiqot markazlari, shuningdek, vazirlik va idoralarning huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, konstitutsiyaviy va davlat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan fundamental hamda amaliy tadqiqot ishlari natijalarini ekspert baholash;
qonunchilikni, uning tarmoqlarini takomillashtirish, huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, konstitutsiyaviy va davlat qurilishini rivojlantirish sohasida ilmiy muassasalarining fundamental va amaliy tadqiqotlari kompleks rejasini ishlab chiqish va kelishishda ishtirok etish;
ilmiy tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalarini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining amaliy faoliyatiga joriy etishga koʻmaklashish;
Institutning ilmiy-amaliy tadbirlarini (konferensiyalar, “davra suhbatlari”, seminarlar va boshqalar) oʻtkazishda maslahat yordamini koʻrsatish;
huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, konstitutsiyaviy va davlat qurilishi sohasidagi muammolar bilan shugʻullanuvchi xorijiy va milliy yetakchi olimlar, vazirlik va idoralar, ilmiy va taʼlim tashkilotlarning ekspertlari va mutaxassislarini Institutning kompleks fundamental, amaliy tadqiqotlari, ekspert-tahliliy faoliyatiga jalb etishda amaliy yordam koʻrsatish.
5. Kengashning yoʻnalishlar boʻyicha funksiyalari:
5.1. Iqtisodiy sohadagi qonunchilik tahlili sohasida (1–seksiya).
a) iqtisodiy sohadagi huquqiy siyosatni, qonunchilikni amalga oshirishdagi muammolarni aniqlash hamda xorijiy tajribani oʻrganish, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish orqali ularni bartaraf etish mexanizmlarini belgilash;
b) 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Taraqqiyot strategiyasi)ni amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy-huquqiy muammolar ustida ishlashda bevosita ishtirok etish;
v) iqtisodiyot sohasidagi milliy qonunchilikning rivojlanishini prognozlash sohasida tizimli tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha takliflar tayyorlash, ilgʻor xalqaro tajriba, zamonaviy yuridik fan yutuqlari, yuridik amaliyotdan foydalangan holda ushbu tadqiqotlar natijalarini qonun ijodkorligi ishlariga doir davlat dasturlarini tayyorlash jarayoniga joriy etish;
g) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning samaradorligini tahlil qilgan holda, iqtisodiy sohadagi qonunchilikning rivojlanishini prognozlashga qaratilgan chora-tadbirlarni, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlarini, ularni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish;
d) Oʻzbekistonning demokratik bozor tamoyillariga asoslangan, iqtisodiyoti rivojlangan davlat sifatida nufuzini mustahkamlashga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
ye) yillik davlat dasturlari loyihalarining Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga muvofiqligini kompleks tahlil qilishda ishtirok etish, shuningdek, ularni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammoli, shu jumladan iqtisodiy va huquqiy masalalarni oʻrganish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritish;
z) mamlakatning iqtisodiy siyosatiga oid masalalar boʻyicha Institutga taqdim etilgan hujjatlar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etish;
5.2. Ijtimoiy qonunchilik sohasida (2–seksiya):
a) ijtimoiy sohaga oid qonunchilikni rivojlantirish boʻyicha takliflar va tavsiyalar tayyorlashda ishtirok etish;
b) ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ularni huquqiy taʼminlash, mamlakat fuqarolarining ijtimoiy himoya va ijtimoiy taʼminoti mexanizmlari va tamoyillarini rivojlantirishning yoʻnalishlari, yoʻllari va uslublari boʻyicha takliflar ishlab chiqishga koʻmaklashish;
v) barqaror ijtimoiy rivojlanishni taʼminlash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan maxsus iqtisodiy, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qoʻllash boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlashda ishtirok etish;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy sohada barqaror, xavfsiz rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan qarorlarining ijrosi boʻyicha ijro hokimiyati organlari faoliyatini monitoring qilishda koʻmaklashish, ushbu sohada yuzaga keladigan huquqiy muammolarni tezkor hal etish boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar tayyorlash;
d) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga oid davlat maqsadli dasturlari loyihalarini koʻrib chiqishda ishtirok etish, ularning samaradorligini baholash, ularni amalga oshirish boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar tayyorlash;
ye) Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlashda amaliy yordam koʻrsatish;
j) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasida konsyeptual va doktrinal hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
z) aholini ijtimoiy muhofaza qilish, sogʻliqni saqlashni taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishga koʻmaklashish, ushbu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ekspertizasini amalga oshirish.
5.3. Ijtimoiy-siyosiy rivojlanish sohasiga oid qonunchilik tahlili sohasida (3–seksiya):
a) ijtimoiy-siyosiy rivojlanish sohasida Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring yuritilishini tashkil etish, konstitutsiyaviy tuzum va fuqarolik jamiyati institutlariga nisbatan tashqi va ichki chaqiriq va tahdidlarni aniqlash, ijtimoiy va siyosiy institutlarni yanada modernizatsiya qilish, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining siyosiy jarayonlarda, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy-siyosiy institutlar tizimini demokratik yangilash sohasida belgilab berilgan davlat dasturlari, vazifalar ijrosini tizimli tahlil qilish, demokratiya va siyosiy plyuralizm konstitutsiyaviy tamoyillariga nisbatan tahdidlarni aniqlash va zararsizlantirishga qaratilgan siyosiy-huquqiy choralarni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
v) milliy va xorijiy tajribani hisobga olgan holda, jamiyatni yanada modernizatsiyalashtirish va demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, OAV faolligi va mustaqilligini oshirish, bu sohaga oid huquqiy siyosatni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
g) mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish va globallashuv sharoitida Oʻzbekiston fuqarolik institutlari faoliyati samaradorligini oshirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
d) asosiy ijtimoiy-siyosiy institutlar rivojlanishi, shu jumladan ularning xalqaro maydondagi hamkorligini faollashtirish konsyepsiyalarini ishlab chiqish, Oʻzbekistonning global ijtimoiy va siyosiy harakatlarga integratsiyalashuvining eng samarali yoʻllarini belgilash va ulardan foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ye) ijtimoiy va siyosiy institutlar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini, barqaror ijtimoiy-siyosiy muvozanat, fuqarolarning fuqarolik va siyosiy institutlarga boʻlgan ishonchini doimiy oʻsib borishi, mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni belgilash;
j) ijtimoiy-siyosiy institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash.
5.4. Konstitutsiyaviy qurilish va davlat boshqaruvi sohasida (4–seksiya):
a) davlat, konstitutsiyaviy qurilish sohasida Taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring yuritilishini tashkil etish, shakllantirilayotgan yillik davlat dasturlari loyihalarining Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga muvofiqligini kompleks tahlil qilish, shuningdek, ularni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammoli masalalarni oʻrganish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat boshqaruvi tizimini demokratik yangilash sohasida belgilab berilgan davlat dasturlari, vazifalar ijrosini tizimli tahlil qilish, tegishli takliflar ishlab chiqish;
v) milliy va xorijiy tajribani hisobga olgan holda, halq hokimiyati, hokimiyatlar boʻlinishi tizimi prinsiplarini amalga oshirish, parlamentarizm asoslarini rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimini izchil ravishda demokratlashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan samarali mexanizmlarni yaratish, maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish va chuqurlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
g) milliy va xorijiy tajribani hisobga olgan holda, davlat institutlarining jamiyatdan ajralib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, fuqarolar, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagida imkoniyatlarini oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
d) konstitutsiyaviy qurilish va davlat boshqaruvini takomillashtirish va mustahkamlashga qaratilgan konseptual hujjatlar, qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash.
5.5. Sud-huquq sohasida qonunchilik, huquqiy siyosatni takomillashtirish sohasida (5-seksiya):
a) sud-huquq sohasidagi qonunchilik, huquqni qoʻllashdagi muammolarni aniqlash, xorijiy tajribani oʻrganish, fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish orqali ularni bartaraf etish mexanizmlarini belgilash;
b) sud-huquq sohasida milliy qonunchilik va huquqni qoʻllashning rivojlanishini prognozlash boʻyicha tizimli tadqiqotlar olib borish, ilgʻor xalqaro tajriba, zamonaviy yuridik fan yutuqlari, yuridik amaliyotdan foydalangan holda ushbu tadqiqotlar natijalarining qonun ijodkorligi ishlariga doir davlat dasturlarini tayyorlash jarayoniga joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash;
v) sud-huquq sohasida huquqiy siyosatni shakllantirish va rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
g) sud-huquq islohotlarini yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, huquq-tartibot va sud tizimi organlari tomonidan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
d) huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari boʻyicha tizimli asosda, shu jumladan milliy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda kompleks ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlashda ishtirok etish;
ye) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning samaradorligini tahlil qilgan holda, sud-huquq sohasidagi qonunchilik rivojlanishini prognozlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlashga qaratilgan amaliy mexanizmlarning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
j) fuqarolarning huquq va erkinliklarini soʻzsiz taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining zamonaviy xalqaro standartlar va xorijiy amaliyotni joriy etishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi boʻyicha faoliyati samaradorligini tahlil qilish, ushbu sohada yuzaga keladigan huquqiy muammolarga tezkorlik bilan munosabat bildirish boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalarni tayyorlash;
z) jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni yanada liberallashtirish, shuningdek, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada mustahkamlash sohasidagi davlat maqsadli dasturlari loyihalarini koʻrib chiqish, ularning samaradorligini baholash va ularni amalga oshirish boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar tayyorlash;
i) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qonunchilik faoliyatining yillik davlat dasturlari loyihalarining rivojlanish strategiyasining maqsadlariga muvofiqligini har tomonlama tahlil qilishda ishtirok etish, shuningdek ularni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammoli masalalarni oʻrganish, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish;
k) mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, xususan, sud-huquq sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasi oʻrnini yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
l) mamlakatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish munosabatini shakllantirish, bu sohada konseptual va doktrinal hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
m) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirigʻiga muvofiq mamlakatning sud-huquq sohasidagi siyosatiga taalluqli masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda koʻmaklashish;
n) huquqni muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash infratuzilmasini takomillashtirish, odil sudlov organlari mustaqilligini taʼminlash va ularning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligiga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar tayyorlash.
5.6. Xalqaro munosabatlar sohasidagi qonunchilik tahlili sohasida
(6-seksiya):
a) tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalardagi qonunchilik bazasini takomillashtirish va uni xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga izchil moslashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
b) tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamda qonunchilik bazasini takomillashtirish sohalarida ilmiy va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish;
v) tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalardagi qonunchilik bazasini takomillashtirishga qaratilgan innovatsion va amaliy tadqiqotlarni, ularning loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ishlarni muvofiqlashtirish;
g) Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ilmiy grantlar, xalqaro tashkilotlar va davlatlar loyihalari samaradorligini monitoring qilish;
d) yetakchi tadqiqot, tahliliy markazlar va tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik dasturlari boʻyicha takliflarni shakllantirish;
ye) xalqaro munosabatlar sohasida davlat huquqiy siyosatini takomillashtirish va globallashuv sharoitida Oʻzbekistonning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
j) investitsiya siyosatining huquqiy asoslarini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqishga koʻmaklashish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yoʻllari va mexanizmlarini aniqlash.
III. Kengashni tashkil etish va faoliyati tartibi
6. Kyengash tarkibi Institut xodimlari, oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar, respublika va xorijiy davlatlardagi tahlil markazlarining ekspertlari, tegishli vazirlik, idoralar va boshqa tashkilotlar vakillaridan tashkil topadi. Kengash tarkibiga, kelishuv asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining masʼul xodimlari kiritilishi mumkin.
7. Kengash tarkibiga ilovaga muvofiq Kengash raisi, uning oʻrinbosari, kotibi, seksiyalar rahbarlari va Kengash aʼzolari kiradi.
Kengash raisi lavozimi boʻyicha Institut direktori, uning oʻrinbosari – Institut direktorining oʻrinbosari hisoblanadi. Kengash faoliyatini tashkiliy taʼminlash Institut ilmiy kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
Kengash raisi, uning oʻrinbosari, kotibi, seksiyalar rahbarlari va Kengash aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
Kengash faoliyati Kengash majlislari, ishchi majlislari, uning seksiyalari majlislari shaklida amalga oshiriladi.
8. Kengash majlislari zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi va Kengash aʼzolarining kamida yarmi ishtirok etganida, vakolatli hisoblanadi.
Kengash seksiyalari majlislari zaruratga qarab, Kengashning tasdiqlangan ish rejalariga muvofiq oʻtkaziladi.
Kengash va uning seksiyalari qarorlari majlislarda ishtirok etayotgan Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash va uning seksiyalarining qarorlari tavsiyaviy tusga ega boʻlib, Institut faoliyatida inobatga olinadi. Kengash qarorlari koʻrib chiqish uchun manfaatdor davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, nodavlat notijorat tashkilotlarga, ilmiy va ekspert hamjamiyati tashkilotlariga yuborilishi mumkin.
9. Kengash faoliyati, Kengash tomonidan koʻrib chiqiladigan, tasdiqlanadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi bilan kelishilgan holda Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadigan ish rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Kengash ish rejasi loyihasini ishlab chiqishda Institutning ish rejalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining vazifalari va topshiriqlari hisobga olinadi.
Kengash raisining qarori bilan ayrim masalalarni, shu jumladan Kengash ish rejasida nazarda tutilgan masalalarni ishlab chiqish uchun Kengash aʼzolari va jalb etilgan ekspertlar va mutaxassislar tarkibida ishchi guruhlar tuzilishi mumkin.
Ishchi guruhlarni tashkil etish va ularning faoliyati tartibi Kengash raisi tomonidan belgilanadi.
10. Kengash faoliyatini axborot-maʼlumot jihatdan taʼminlash rahbarlari (vakillari) Kengash aʼzolari boʻlgan yoki uning ishiga jalb etilgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Institutga majburiy ravishda yuboriladigan axborot materiallari va maʼlumotlar turlari roʻyxati, ushbu materiallarni taqdim etish davriyligi va muddatlari koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalar boʻyicha maslahatchisining boʻlinmalari tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik va hujjatlashtirish jihatdan taʼminlash Institut tomonidan amalga oshiriladi.
11. Idoralararo axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash, xorijiy manbalardan materiallar olish uchun Institut buyurtmasiga koʻra grantlar, byudjet mablagʻlari ajratilishi, byudjetdan tashqari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlaridan foydalanish mumkin.
IV. Kengashning huquqlari va majburiyatlari
12. Kyengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi
huquqlarga ega:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari masʼul xodimlarining davlat strategik dasturlarini amalga oshirish holati va ularning yakuniga koʻra prognoz qilinayotgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini va tahliliy sharhlarini eshitish;
davlat strategik dasturlarini amalga oshirish boʻyicha maʼlumotlar, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, rivojlantirishning strategik ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar, davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish, ushbu sohadagi tavsiyalarni toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilish ishlarini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va huquqiy siyosatini rivojlantirish va amalga oshirishning konseptual masalalari, shuningdek, mamlakat xalqaro faoliyatining huquqiy muammolari boʻyicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish;
qonun hujjatlari loyihalari ekspertizasini tashkil etish;
fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalari boʻyicha masʼul shaxslarning axborotlarini eshitish;
Institutning qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda huquqiy siyosat, konstitutsiyaviy va davlat qurilishini shakllantirish va amalga oshirish sohasida monografiyalar, qoʻllanmalar, ilmiy-amaliy ishlar toʻplamlarini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahlil rejalarini koʻrib chiqish va tavsiyalar berish;
Kengash aʼzolari orasidan oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha seksiyalar tuzish;
Kengash oldida turgan vazifalarni hal etish uchun, zarurat tugʻilganda, Kengash aʼzolari hamda jalb etilgan ekspertlar, mutaxassislar tarkibida ishchi guruhlar tuzish;
vazirliklar va idoralardan, taʼlim va tahliliy muassasalardan zarur axborot va tahliliy materiallarni, statistik maʼlumotlarni soʻrab olish;
ishlab chiqilishi Kengash vakolatiga kiradigan davlat siyosatining turli masalalari boʻyicha takliflar, tavsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, uning boʻlinmalariga koʻrib chiqish uchun kiritish.
13. Kengash raisi:
Kengash ishini tashkil etadi, shuningdek uning seksiyalari ishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, Kengash majlisida uning ish rejalari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlaydi;
tahliliy va ekspertlik ishlarini bajarish uchun ilmiy tashkilotlar xodimlarini, shuningdek alohida olim va mutaxassislarni jalb qiladi, zarurat tugʻilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisining boʻlinmalari bilan kelishilgan holda, ularni zarur materiallarni tayyorlashda ekspert yordamini koʻrsatish uchun Institutga xizmat safariga joʻnatadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisiga Kengash aʼzolarini, uning faoliyatida samarali ishtirok etayotgan jalb etilgan ekspertlarni moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qiladi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari va Institut faoliyatini axborot-tahliliy taʼminlash masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi;
Kengash majlislarining kun tartibini ishlab chiqadi va Kengashga taqdim etadi, Kengash raisi oʻrinbosarining vazifalarini belgilaydi;
Kengash ishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni, u tomonidan ishlab chiqilgan axborot-tahliliy materiallarni, davlatning ichki va tashqi siyosati, xavfsizligining turli masalalari boʻyicha takliflarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisiga koʻrib chiqish uchun kiritilishini taʼminlaydi;
Kengash faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni hal qiladi.
14. Kengash aʼzolari qarorlar qabul qilishda teng huquqlarga ega.
15. Kengash aʼzolari uning majlislarida ishtirok etishi shart. Kengash aʼzolari oʻz vakolatlarini boshqa shaxslarga berishi mumkin emas.
16. Kengash aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
Kengash vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan Kengash raisiga murojaat qilish;
Kengashga kelib tushgan axborotdan davlat sirlarini saqlashga doir talablarga muvofiq foydalanish;
Kengashda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini bildirish. Kengash aʼzosining alohida fikri yozma shaklda bayon qilinadi va Kengash majlisi bayonnomasiga majburiy tartibda ilova qilinishi shart.
V. Yakulovchi qoidalar
17. Kengash toʻgʻrisidagi nizom va uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan Institut direktori taqdimiga asosan tasdiqlanadi.
18. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.