Iqtisodiyotni modernizatsiyalash, aholi bandligini oshirish, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda tadbirkorlik subyektlari faoliyatining rivojlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda mavjud boʻlgan toʻsiqlarni bartaraf etish, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, oʻtgan yillar mobaynida tadbirkorlik faoliyatini bevosita yoki bilvosita tartibga soluvchi 170 ga yaqin Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, shu jumladan, 300 ga yaqin Prezident hujjatlari, 2000 ga yaqin hukumat qarorlari qabul qilingan. Jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi, “Raqobat toʻgʻrisida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingan.
Islohotlarning dastlabki bosqichida respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini taʼminlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida 2016-yil 5-oktyabrda PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon bilan:
birinchidan, tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi;
ikkinchidan, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati, shu jumladan jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi;
uchinchidan, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarliklarni belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishdan ozod etildi;
toʻrtinchidan, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qoʻllanilmaydigan boʻldi va h.k.
Tadbirkorlik sohasida amalga oshirilgan islohotlarning keyingi yoʻnalishi – tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tartibining takomillashtirilishi boʻldi. Xususan, 2016-yil
28-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2646-sonli “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat interaktiv xizmatlari yagona portali orqali 24 soat davomida tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish imkoniyati yaratildi.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan muhim tashkiliy mexanizmlardan biri Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil institutining tashkil etilishidir.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Vakilga 2022-yil davomida tadbirkorlardan 9 850 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 48 foizi boʻyicha tadbirkorning huquqlari tiklangan, 4 616 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan. Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruvlarning qonuniyligi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring doirasida 747 ta noqonuniy tekshiruv oʻtkazilganligi, 15 280 ta holatda tekshirish oʻtkazish tartibi buzilganligi aniqlangan.
“2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar Strategiyasi”ning uchinchi bandi Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlandi. Uning asosida iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini ragʻbatlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish maqsad qilindi.
Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan islohotlarning davomi sifatida 2018-yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinib, tadbirkorlik faoliyatining faol rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan koʻplab jiddiy toʻsiqlar bartaraf etildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning 11-apreldagi PF-5409-sonli “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruhsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 7 ta faoliyat turini litsenziyalash va 35 ta faoliyat turi uchun ruxsatnoma olishni talab etish tartibi bekor qilindi, 25 ta faoliyat turida litsenziyalash va ruxsatnoma olish muddatlari qisqartirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-apreldagi
PQ-3677-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori 2018-yilning
1-iyulidan boshlab, yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshirilishi belgilandi.
2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-sonli “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, 2018-yilning 1-sentyabridan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan rejali tekshiruvlar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni “Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi”da roʻyxatga olinishi shart ekanligi va bunday tartibda roʻyxatga olinmagan tekshirishlarning noqonuniy hisoblanishi belgilandi.
Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhitinining yanada rivojlantirishda 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirgan yangi Soliq kodeksi muhim rol oʻynadi. Masalan, Soliq kodeksiga asosan yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqlari deyarli 50 foizga kamaytirildi va xususiy tadbirkorlar uchun soliqqa tortish tartib-taomillari sezilarli darajada soddalashtirildi.
Soʻnggi yillarda tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda. Jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini
qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tashkil etilib, bugungi kunga qadar Jamgʻarma tomonidan tadbirkorlik subyektlarining 46 mingdan ziyod loyihalariga 15 trillion soʻmdan ortiq miqdorda moliyaviy yordam koʻrsatildi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, mazkur sohadagi islohotlarning natijasi sifatida Oʻzbekistonda 2023-yilning 1-mart holatiga jami faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 432 607 ta boʻlib (fermer va dehqon xoʻjaliklarisiz), shundan kichik tadbirkorlik subyektlari
429 031 tani tashkil etganligini keltirish mumkin. 2015-yilda bu koʻrsatkich
196 000 tani tashkil qilgan.
Shuningdek, bugungi kunga kelib, 200 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga qisqardi, ayrim soliq stavkalari 2 barobarga tushirildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizga kamaytirildi. 1 ming 200 ta davlat korxonalari xususiylashtirildi.
Qulay investitsiya muhitini yaratish boʻyicha amalga oshirgan islohotlar natijasida soʻnggi 5 yilda iqtisodiyotga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi.
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilashda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi alohida oʻringa ega boʻlmoqda. Taraqqiyot strategiyasining 26 maqsadi bevosita mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 milliard AQSH dollari, jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini koʻrishga,
29 maqsadi esa tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning Yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini
60 foizga yetkazishga qaratildi.
Prezident Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Iqtisodiy islohotlarni qatʼiy davom ettirishni, ichki imkoniyatlarni toʻliq safarbar qilib, xususiy sektorni yanada qoʻllab-quvvatlashni, buning uchun, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini tobora yaxshilash boʻyicha islohotlarni jadallashtirishni» taʼkidlab oʻtgan edi.
Shuningdek, Sh.Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi nutqida investorlarga ularning Oʻzbekistondagi biznesi muvaffaqiyatli boʻlishi, mamlakatimizda oʻzlarini ishonchli, erkin va qulay his etishlari uchun barcha choralar koʻrilishini maʼlum qilgan.
Bu vazifalarni kelgusida ham tizimli ravishda va ogʻishmasdan amalga oshirish uchun davlatning Asosiy qonuni boʻlmish Konstitutsiyada davlatning qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashiga oid normalarning mustahkamlanishi zaruriyati yuzaga keldi.
Shu sababli olib borilayotgan islohotlarning kafolati sifatida endilikda yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat tomonidan qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlanishi boʻyicha qoida mustahkamlanmoqda. Jumladan, Konstitutsiya loyihasi 67-modda bilan toʻldirilib, ushbu moddada quyidagi normalar nazarda tutilmoqda:
“Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlaydi.
Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi”.
Mazkur norma qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish uchun mamlakatda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning taʼminlanishi, mukammal va barqaror qonunchilik bazasi va sud-huquq tizimining amal qilishi, halol raqobat qilish imkoniyatining yaratilishi, ruxsat olish va hisobdorlikning imkon qadar cheklanishi, adolatli soliq tizimining amal qilishi, eng muhimi, daromadlarni erkin tasarruf etishni cheklanmaganligi hamda investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishini kafolatlaydi.
Xorijiy davlatlarda, xususan, Xitoy, Xorvatiya va Vetnam Konstitutsiyalarida investitsiyaviy faoliyatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan normalar mavjud.
Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi Konstitutsiyasining
18-moddasida Xitoy Xalq Respublikasi xorijiy korxonalarga, boshqa tashqi iqtisodiy tashkilotlarga va investorlarga Xitoyga sarmoya kiritishga va Xitoy Xalq Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Xitoy korxonalari va boshqa iqtisodiy tashkilotlar bilan iqtisodiy hamkorlikning turli shakllariga kirishishga ruxsat berishi belgilangan.
Xorvatiya Konstitutsiyasining 49-moddasida esa chet ellik investorlarga investitsiya qilingan foyda va kapitalni tekin oʻtkazish va repatriatsiya qilish kafolatlanishi nazarda tutilgan.
Vetnam Konstitutsiyasiga koʻra, davlat tomonidan tadbirkorlar, korxonalar, jismoniy shaxslar va boshqa tashkilotlarning iqtisodiyot tarmoqlariga va milliy qurilishning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadigan sarmoya kiritishi, ishlab chiqarishi va tadbirkorlik bilan shugʻullanishi ragʻbatlantiriladi, ularga qulay shart-sharoitlar yaratiladi, jismoniy shaxslarning, investitsiya, ishlab chiqarish va tadbirkorlik tashkilotlarining shaxsiy mulki qonun bilan himoya qilinadi va milliylashtirilmaydi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlanishi boʻyicha qoida mustahkamlanishi birinchidan, mamlakat iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirishga, investorlarning ishonchini mustahkamlashga va davlat tuzilmalarining masʼuliyatini oshirishga, ikkinchidan, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga, xususiy mulk himoyasini yanada kuchaytirishga hamda investitsiya bozoridagi raqobatni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlarning oʻz faoliyatini yanada erkin amalga oshirishi uchun huquqiy kafolatlar taʼminlanadi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashda erkin boʻladi, investorlar huquq va manfatlari himoyasi kuchaytiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Adiba Safarova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi.