2025-yil 16-aprel kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tomonidan tashkil etilgan «Davlat va jamoat qurilishi tizimini demokratlashtirish: Sloveniya va Oʻzbekiston tajribasi» mavzusidagi xalqaro «davra suhbati» boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir «Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: Oʻzbekiston uchun xalqaro tajriba» mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, tahliliy markazlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy oʻquv yurtlari vakillari ishtirok etdilar.
Sloveniya tomonidan tadbirda Prezidentning xalqaro aloqalar boʻyicha maslahatchisi – professor Zlatko Shabich hamda xalqaro munosabatlar, ijtimoiy-siyosiy rivojlanish sohasidagi ekspertlar ishtirok etdilar.
Tadbirning maqsadi – Oʻzbekiston va Sloveniya davlat boshqaruvi mexanizmlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashish, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Oʻz nutqida Zlatko Shabich Sloveniya tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, Sloveniya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari, jumladan, iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va oʻzaro manfaatli boshqa sohalar boʻyicha chuqur tahlilni taqdim etdi. U Oʻzbekistonda olib borilayotgan demokratik jarayonlarni yuksak baholab, demokratik institutlar va jarayonlarning mamlakatining barqaror rivojlanishidagi asosiy omil ekanini alohida taʼkidladi.
«Davra suhbati» kun tartibidagi masalalar muhokamasi davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar kuchli xalq hokimiyati institutlari, mustaqil sud hokimiyati va faol fuqarolik jamiyatiga ega demokratik huquqiy davlatni barpo etishdagi muhim omilga aylangani qayd etildi. Oʻzbekistonda davlat va jamoat qurilishi jarayonlarining demokratlashtirilishi tizimli yondashuv, xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajriba asosida amalga oshirilmoqda.
Milliy maʼruzachilar tomonidan davlat va jamoat qurilishi tizimini demokratlashtirishning asosiy yoʻnalishlariga bagʻishlangan tizimli va kompleks tahlillar taqdim etildi. Maʼruzalar tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlikni taʼminlash, vakillik va ijro hokimiyati rivoji, sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, barqaror investitsion-iqtisodiy muhitni shakllantirish, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash kabi yoʻnalishlarni qamrab oldi. Barcha yoʻnalishlar yangilangan Oʻzbekiston Konstitutsiyasining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va demokratik huquqiy davlat qurilishi kontekstida koʻrib chiqildi.
Muhokamalar yakunida Oʻzbekiston va Sloveniya ekspertlari oʻrtasida davlat va jamoat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish, huquqiy institutlarni mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga yoʻnaltirilgan islohotlar sohasidagi hamkorlikni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Ilmiy-taʼlimiy, investitsion-texnologik, inklyuziv ijtimoiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, qonun ijodkorligiga sunʼiy intellektni joriy etish, davlat boshqaruvi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, tibbiy sugʻurta tizimlarini isloh qilish, mehnat migratsiyasi tashkiloti kabi masalalarda ekspertlararo muloqotni kengaytirishga katta qiziqish bildirildi.









