Umumiy ma’lumot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” PQ-462-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy maqsadi – Institut zimmasiga yuklangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash vazifasini amalga oshirishga koʻmaklashishdan iborat.
Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengashning ustuvor yoʻnalishlari qoʻyidagilar hisoblanadi:
– davlat strategik dasturlarining bajarilishini, ularni huquqiy jihatdan taʼminlangani samaradorligini tahlil qilish va prognozlashga koʻmaklashish;
– ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, davlat-huquqiy sohalarida huquqiy siyosatni amalga oshirishga oid qonunchilikni, huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish masalalari boʻyicha takliflar, konstitutsiyaviy xisobotlar va dasturlar loyihalarini tayyorlash;
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga oid qarorlari loyihalarini ilmiy-amaliy, axborot-tahliliy jihatdan asoslantirish;
– rivojlangan mamlakatlar qonunchiligi va huquqiy siyosatini shakllantirish va amalga oshirish tajribasini qiyosiy, tizimli oʻrganishni tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasida undan foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi 78 kishidan iborat, ulardan 34 nafari – vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari,
36 nafari – taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ekspertlari, shuningdek, 8 nafari – mustaqil ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari hisoblanadi.
Kengash aʼzolarining umumiy sonidan 27 nafari fan doktori,
12 nafari fan nomzodi (PhD).
Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlangan.