Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provinsiyasi Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik assotsiatsiyasi taklifiga binoan, 2023-yil 16–18-noyabr kunlari Sian shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti vakillari “Bir makon – bir yo‘l” mamlakatlari o‘rtasidagi tijorat va huquqiy hamkorlik bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etdi.
Forumdan maqsad Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusini amalga oshirish doirasidagi huquqiy hamkorlikning muammoli jihatlari yuzasidan fikr almashishdan iborat.
Tadbirda Yevropa Ittifoqi, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Janubiy Amerika va Afrikadan davlat va jamoat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida “Bir makon – bir yo‘l” mamlakatlari o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikning bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, mazkur tashabbusni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Institut delegatsiyasining Sian shahriga tashrifi doirasida Shensi provinsiyasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlarda ham bir qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazildi.