Bugungi kunda Konstitutsiya davlatning siyosiy va ijtimoiy barqarorligini taʼminlashning asosiy omillaridan biri boʻlib qolmoqda. Zamonaviy globallashuv sharoitida butun dunyo mamlakatlari jadal tarzda konstitutsiyaviy rivojlanishning modelini izlamoqda.

Soʻnggi 30 yil ichida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazilgan va 57 davlatda yangi konstitutsiya qabul qilingan. Konstitutsiyaga eng koʻp oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritgan davlatlar qatoriga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi. Bunda konstitutsiyaviy islohotlarning aksariyati davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida amalga oshirilgan.

Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan masʼuliyat bilan yondashib, kechiktirib boʻlmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda. Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi ekanligini mustahkamlash maqsadida 2022-yil 20-may kuni Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi.

Mazkur komissiya tomonidan keng jamoatchilikning takliflari, fikr-mulohazalari asosida shakllantirilgan yakuniy takliflardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga koʻpayib, normalari 275 tadan 434 taga oshdi, yaʼni, Asosiy Qonunning 65 foiz matni respublika xalqi tomonidan berilgan takliflar asosida yangilandi.

Loyihada fuqarolar tomonidan inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish, shaxsiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini aniqlashtirish bilan bogʻliq masalalar bilan bir qatorda, xalqaro munosabatlarga oid normalar ham joy oldi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin mamlakatlar konstitutsiyalari puxta tahlil etildi.

Birgina xalqaro huquq normalarining ustuvorligi tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida belgilash uchun koʻplab xalqaro hujjatlar hamda ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganildi.

Jumladan, xalqaro shartnomalarning milliy qonunchilikdan ustuvorligi prinsipi BMT Bosh Assambleyasining 2001-yil 12-dekabrdagi 56/83-sonli rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan xalqaro huquqbuzarliklar uchun davlatlarning javobgarligining 32-moddasida,shuningdek, 1969-yil
23-maydagi “Xalqaro shartnomalar huquqi toʻgʻrisida”gi Vena konvensiyasining 27-moddasida taraflar oʻz ichki qonunchiligi qoidalarini shartnomani bajarmaslik uchun asos sifatida keltira olmasligi qoidasi mustahkamlangan.

Bundan tashqari, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Filippin, Xorvatiya, Chexiya, Sloveniya, RossiyaQozogʻiston va boshqa bir qator davlatlar konstitutsiyaviy amaliyotida ham xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsip va normalari milliy huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi, xalqaro shartnomalarning qonunlardan ustunligi mustahkamlab qoʻyilgan.

Xususan, Germaniya Konstitutsiyasining 25-moddasida “Xalqaro huquqning umumiy qoidalari federal huquqning bir qismidir. Ular qonunlardan ustun turadi va toʻgʻridan toʻgʻri federal hudud aholisi uchun huquq va majburiyatlarni yaratadi”, deb belgilab qoʻyilgan. Fransiya Konstitutsiyasining55-moddasida ham belgilangan tartibda ratifikatsiya qilingan yoki tasdiqlangan xalqaro shartnomalar yoki bitimlarning milliy qonunlardan ustun turishini nazarda tutuvchi norma mustahkamlangan.

Ilgʻor xorijiy tajriba hamda davlatchiligimiz rivojlanishining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 
15-moddasida ham Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasihuquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllanilishi nazarda tutilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda xalqaro shartnomalarining ustuvorligi konstitutsiya darajasida belgilanmoqda.

Maʼlumki, xalqaro shartnomalarining ustuvorligi prinsipining bevosita Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyilishi Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlariga sodiqligi, xalqaro hamjamiyat koʻz oʻngida ishonchli hamkor sifatida namoyon boʻlishi, pirovardida mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonning xalqaro huquqning toʻla huquqli subyekti sifatida 130 danoshiq nufuzli xalqaro tashkilotlarning aʼzosi ekanligi, 142 davlat bilan diplomatik aloqalar oʻrnatganligi, 4,5 mingdanortiq xalqaro shartnomalarga, inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qoʻshilganligi mazkur normaning yanada dolzarbligini tasdiqlaydi.

Davlatimizda sohaga oid munosabatlar “Xalqaro shartnomalar huquqi toʻgʻrisida”gi, “Konsullik munosabatlari toʻgʻrisida”gi Vena konvensiyalari, “BMT Nizomiga muvofiq davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar va hamkorlik borasidagi xalqaro huquq prinsiplari toʻgʻrisida”gi deklaratsiya hamda milliy darajada qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi va boshqa qator qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Yuqorida nazarda tutilgan normaning Konstitutsiyada belgilanishi, oʻz navbatida, xalqaro shartnomalarga amal qilishning huquqiy asosini mustahkamlash, davlatlar orasidagi diplomatik aloqalarni yanada kengaytirish, jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik qilishning mutanosib, koʻp qirrali tizimini shakllantirish imkonini ham beradi.

Taʼkidlash lozimki, Konstitutsiyaga Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquqiy tizimiga xalqaro huquq butunlay emas, balki uning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari kirishi eʼtirof etilmoqda.

Xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari – hozirgi zamon xalqaro huquqi bosh mazmunini ifodalovchi va uning maqsadlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi eng muhim va universal majburiy meʼyorlardir. Umum eʼtirof etilgan prinsiplar esa jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan va tegishli xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan prinsiplar hisoblanadi.

Maʼlumki,BMT Ustavi qabul qilinguncha xalqaro huquqning asosiy prinsiplari masalasi asosan xalqaro huquq doktrinasida koʻrib chiqilar edi. Hozirgi vaqtda esa xalqaro huquqning asosiy prinsiplari eʼlon qilingan va mazkur prinsiplar BMT Ustavining 2-moddasida va BMT Ustaviga muvofiq davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlar va hamkorlikka taalluqli Xalqaro huquq prinsiplari toʻgʻrisidagi Deklaratsiya, (YEXHT)ning Xelsinki yakunlovchi hujjatida batafsil yoritib berilgan boʻlib, mazkur hujjatlarda quyidagi prinsiplar mavjud:

1) kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik; 2) davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; 3) nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish;
4) davlatlarning xalqaro hamkorligi; 5) xalqlar va millatlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash; 6) davlatlarning xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarish prinsipi; 7) davlatlarning suveren tengligi;
8) chegaralarning daxlsizligi; 9) davlatlarning hududiy yaxlitligi; 10) inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish.

Shu oʻrinda, taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda jahon hamjamiyati oldida turgan umumbashariy muammolarni hal etish zaruriyatini ifoda etuvchi yangi prinsiplarni ham (masalan, atrof muhitni himoya qilish) tatbiq etish zarurati ham shakllanib bormoqda.

Xalqaro huquqqa oid barcha normalarning emas, balki shu kabi umum eʼtirof etilgan prinsiplar va normalarning milliy huquq tarkibiga kirishi, shu jumladan Konstitutsiyada mustahkamlanishi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquqning toʻlaqonli subyekti ekanligini, xalqaro siyosatda oʻzining munosib oʻrniga va oʻz fikriga ega davlat ekanligini yana bir bor namoyon etadi.

Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyada Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquq tizimiga xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari ham kirishi nazarda tutilmoqda.

Qayd etish kerakki, istalgan xalqaro shartnoma Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi sifatida tan olinmaydi. Yaʼni, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish yoki qoʻshilish orqali xalqaro shartnomaning majburiyligiga Oʻzbekiston Respublikasining roziligi ifoda etilgan xalqaro shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquqiy tizimiga kiradi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi normani tatbiq qilishda, shuni hisobga olish kerakki, mazkur holat milliy qonunchilik hujjatining kuchini yoʻqotishiga sabab boʻlmaydi, uning amal qilishini toʻxtatishga olib kelmaydi. Aksincha, oʻrnatilayotgan qoida, oʻz navbatida, huquqni qoʻllovchi organlar uchun oʻz vakolatlari doirasida xalqaro huquq normalarini toʻlaqonli qoʻllashiga huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Xulosa sifatida davlatimizning xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda huquqiy tizimning tarkibiy qismi ekanligini konstitutsiyaviy tarzda ifoda etilishi davlatimizning xalqaro miqyosidagi nufuzi yanada oshishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida himoyalanishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti
shu’ba mudiri yu.f.d., professor B.Ismailov, bosh ilmiy xodim Sh.Alamonova

Manba: https://aniq.uz/yangiliklar/uzbekiston-respublikasining-xalqaro-shartnomalari-uzbekiston-respublikasi-huquqiy-tizimining-tarkibiy-qismi-sifatida