2023-yilning 30-aprel kuni umumxalq referendumida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – xalqimiz hayoti va turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan hamda jamiyat rivojlanishida keng qamrovli yangilanishlar uchun zarur deb topilgan koʻplab yangi qoidalar, institutlar va prinsiplarni oʻzida mustahkamladi. Jumladan, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish tamoyili mustahkamlandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 23-moddasida “Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi” deb belgilanishi davlatning alohida faoliyat yoʻnalishiga va tizimiga asos solinishini talab etadi. Negaki, davlatning bu sohadagi faoliyatida yaxlit tizimni yaratish uchun mavjud huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, institutsional vositalar va mexanizmlar yetarli emas.

Ushbu qoidaning Asosiy Qonun darajasida mustahkamlanishini qoʻyidagi bir qancha hayotiy omillar bilan asoslash mumkin:

birinchidan,  Oʻzbekiston 140 dan ziyod davlatlar bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan hamda 160 dan ortiq mamlakatlar bilan savdo-sotiq aloqalarini amalga oshiradi. Oʻzbekiston fuqarolari xorijiy davlat fuqaroligiga qabul qilinishi koʻrsatkichlari ham shunga hamohangdir;

ikkinchidan, Oʻzbekiston aholisi 36 mln kishidan oshgan boʻlib, Oʻzbekiston yirik millatli mamlakat, yaʼni aholisi 10 mln.dan – 50 mln.gachani tashkil etadi. Aholining soni oʻz navbatida tashqi migratsiya koʻrsatkichlariga ham taʼsir etadi. Misol uchun, birgina 2022-yilning 9 oyida 124,1 ming nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari taʼlim olish maqsadida chet elga chiqib ketgan. Ushbu fuqarolarning ayrimlari xorijiy davlatlarda ish faoliyatini boshlashi, yashab qolishlari va ushbu davlat fuqaroligini olishlari mumkin. Shu tarzda xorijdagi vatandoshlar soni ham ortib boradi.

Vatandosh deganda Oʻzbekistonda tugʻilgan yoki yashagan, hozirda xorijda yashayotgan va Oʻzbekistonda qarindoshlarga ega boʻlgan shaxslar (chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar)ni tushunishishimiz mumkin.  

Oʻzbekiston Respublikasida xorijdagi fuqarolar va vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga davlat darajasida eʼtibor berila boshlandi. Xususan, Prezident tegishli Farmoni bilan mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi  tashkil etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston RespublikasiningPrezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tegishli qaroriga asosan, “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etilib, fondning asosiy maqsadlaridan biri sifatida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam koʻrsatish belgilandi.

Mamlakat Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 23-moddasida “Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi” degan qoidaning mustahkmlanishi bu sohada yangi huquqiy asoslarni yaratadi,  xorijdagi fuqarolarimiz va vatandoshlarimizni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini yanada kengaytirishga zamin yaratadi.

Yuqoridagi konstitutsiyaviy normaning “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida alohida maqsad – “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish” sifatida belgilanishi uning amalga oshirilishining dastlabki harakatlari sifatida baholash mumkin.

Ushbu maqsadni amalga oshirishning asosiy koʻrsatkichlari sifatida qoʻyidagilar belgilanmoqda:

– vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalarini ragʻbatlantirish va ularning sonini 300 taga yetkazish;

– Oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandchilik yoʻnalishidagi oliygohlarda xorijdagi vatandoshlar uchun 200 ta grant ajratish;

– Vatandoshlar ishtirokida tibbiyot, taʼlim va ilm-fan sohalarida 100 ta loyihani amalga oshirish;

– Vatandoshlar jamoat birlashmalariga yetkazib beriladigan badiiy adabiyotlar sonini 100 mingtaga oshirish.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni Oʻzbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyat bilan shugʻullanishga faol jalb qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqilishi ham belgilanmoqda. Ushbu qarorda qoʻyidagilar aks ettirilishi koʻrsatilgan:

– Mamlakatimizda uy-joy va koʻchmas mulk sotib olish, taʼlim, tibbiyot va boshqa davlat xizmatlaridan teng huquqlilik asosida foydalanish imkonini beradigan “Vatandosh guvohnomasi” joriy qilish;

– Tibbiyot, taʼlim, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalar boʻyicha tajribali mutaxassislar – xorijdagi vatandoshlar ishtirokida seminar va master-klass mashgʻulotlarini tashkil etish;

– “Vatandoshlar” jamoat fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, imkoniyatlarini kengaytirish, uning huzurida xorijdagi vatandoshlardan iborat tarkibda turli yoʻnalishlardagi Ekspertlar guruhlarini tashkil etish.

Ushbu qaror loyihasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi sohada yangi tashkiliy, institutsional va huquqiy asoslarning yaratilishiga xizmat qiladi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada musʼhamkalangan vatandoshlarga oid qoida oʻzining bevosita hayotga tatbiq etilishini “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida koʻzatish mumkin. Bu esa oʻz navbatida fuqarolar va vatandoshlarimiz bilan oʻzaro, natijadorlikka yoʻnaltirilgan yangi davlat huquqiy siyosatining amalga oshirilishi borasida dastlabki tizimli harakatlarni boshlashga asos yaratadi.

Shu bilan birga, yuqorida keltirilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sohada yangi-yangi ijtimoiy munosabatlarni keltirib chiqaradi va shu munosabat yuilan ushbu sohadagi shakllanayotgan tizimni tartibga solish maqsadida “Xorijda yashayotgan vatandoshlar maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini qabul qilish, hamda ushbu qonun bilan bu sohadagi davlat siyosatining aniq yoʻnalishlarini, amaliy mexanizmlarini, vatandoshlar maqomi va ularga beriladigan qoʻshimcha kafolatlarni mustahkamlash maqsadga muvofiq.

Mirzokarimov Sardor Sadiralizoda – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va  huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi.

Manba: https://nuz.uz/uz/%D1%9Ezbekiston/1223886-vatandoshlar-yangi-ta%D2%B3rirdagi-konstitucziya-%D2%93amh%D1%9Erligida-%D1%9Ezbekiston-2030-strategiyasi-va-kejingi-ma%D2%9Bsadlar.html