Mamlakatimizda ish bilan band aholining 80 foizdan ortigʻi xususiy sektor ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi esa 52 foizga teng. Ushbu raqamlar biznes va tadbirkorlik sohasi iqtisodiyotni rivojlantirish hamda aholi bandligini taʼminlashda katta ahamiyatga ega ekanini namoyon etadi. Shu bois, biznes va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida eʼtibor qaratilib, sohaning huquqiy va tashkiliy asoslari yil sayin takomillashtirilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida ham biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Joriy davlat dasturining 98 ta bandi bevosita iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgani bu boradagi ishlar koʻlami va izchilligidan dalolat beradi. Hujjatda Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali mamlakatni mintaqaviy ay-ti xabga aylantirish koʻzda tutilgan. Hududlarda xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish, infratuzilma loyihalarini barqaror va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash, bank tizimida islohotlarni jadallashtirish va bank xizmatlari bozori hajmini oshirish chora-tadbirlari belgilangan. Monopol sohalarni bozor «Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida turizmning oʻrni tobora kengaymoqda. Mutaxassislar taʼkidlashicha, turizmdan topilgan daromadning 30 foizi odamlar qoʻliga ish haqi boʻlib qaytadi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmaydi. Yaratilayotgan har bir yangi ish oʻrni boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyini hosil qilishga imkon beradi. »  tamoyillariga izchil oʻtkazish, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish kabi yoʻnalishlarda qator qoʻshimcha qulaylik va yengilliklar nazarda tutilgan. Iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida investitsiyaviy qulaylik va jozibadorlikni yanada oshirish vazifasi belgilangan. Unga koʻra, 2024-yil may oyida poytaxtimizda uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi oʻtkaziladi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya va Shvetsiya kabi davlatlarning salohiyatli kompaniyalari bilan tasdiqlangan reja asosida uchrashuvlar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, joriy yil davomida iqtisodiyotimizga 1 milliard dollarlik grant mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha kelishuvlarga erishish (bitim va memorandumlar imzolash), 309 ta yirik ishlab chiqarish obyekti va quvvatini ishga tushirish orqali 36 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish belgilangan. Shu maqsadda 41 ta istiqbolli loyiha boʻyicha dastlabki hisob-kitoblar va loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqib, xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlariga taqdimot qilish rejalashtirilgan. Eksportni ragʻbatlantirish va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini har tomonlama qoʻllabquvvatlash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari bilan yangi vazifalar, chora-tadbirlar belgilandi. Bu esa sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur jarayonda “Yangi Oʻzbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi ham oʻz oʻrniga ega. Ushbu dastur yurtimizda eksport rivojiga oʻziga xos turtki boʻlmoqda. Jumladan, 2023-yilda respublika eksporti (maxsus eksportsiz) 16,2 milliard dollarni, oʻsish 104 foizni tashkil etdi. Hozirgi kunda dasturni kengaytirish, unda qamrab olinadigan korxonalar sonini 500 taga yetkazish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda. Joriy yilda ham milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish hamda tovar va xizmatlar eksporti hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun qator vazifalarni bajarish nazarda tutilgan. “Eksport akselerator” dasturini ishlab chiqish va ishga tushirish, “Yangi Oʻzbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi asosida milliy brendlarni xorijiy bozorlarga olib chiqish shular jumlasidan. Yangi xalqaro standartlarni amaliyotga kiritish hamda 822 ta korxonada xalqaro standartlarni joriy qilish orqali eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini oshirish, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan Oʻzbekiston mahsulotlari uchun sertifikat, boj va yigʻimlarni yumshatish boʻyicha muzokaralar oʻtkazish vazifalari belgilangan. Yurtimizda xizmat koʻrsatish sohasi yuqori surʼatlarda rivojlanmoqda va aholi bandligini taʼminlashda katta ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilda bu yoʻnalishdagi ishlar yanada kengayadi. Xususan, oʻrta va yirik shaharlar hamda aholisi 300 mingdan koʻp tumanlarda zamonaviy xizmatlar rivojlantiriladi, xizmat koʻrsatish sohasida 10 mingta savdo-servis obyekti tashkil etiladi. Shuningdek, aholi gavjum koʻchalarda savdo, sayilgoh va maishiy-koʻngilochar xizmatlarni rivojlantirish uchun boʻsh yer maydonlari auksion savdolarga chiqariladi. Yangi xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish uchun 2,2 mingta yer (lot) maydoni ham auksion savdolarga qoʻyiladi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida turizmning oʻrni tobora kengaymoqda. Mutaxassislar taʼkidlashicha, turizmdan topilgan daromadning 30 foizi odamlar qoʻliga ish haqi boʻlib qaytadi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmaydi. Yaratilayotgan har bir yangi ish oʻrni boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyini hosil qilishga imkon beradi. Ana shu jihatlardan kelib chiqib, davlat dasturida iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlovchi asosiy shartlardan biri sifatida tashqi va ichki turizmni yanada rivojlantirish uchun keng sharoit yaratishga alohida ahamiyat berilgan. 2024-yilda xorijiy sayyohlar sonini 10,5 millionga, turizm xizmatlari eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Jumladan, tibbiyot va taʼlim turizmi eksporti yiliga 200 million dollarga yetkazilib, bunda xorijiy davlatlarda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, “mehmonxona — transport — turoperator — savdo va servis” korxonalarining kooperatsiyasi asosida faoliyat yuritadigan 4 ta yirik turizm klasteri (majmuasi)ni tashkil etish va bu orqali hududlarda 600 ta yangi mehmonxona, mehmon uylari va xostellar tashkil etish rejalangan. Shu bilan birga, dastur doirasida Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlari tuman va shaharlarini bogʻlovchi “Oltin vodiy sayyohlik halqasi”, Xorazm va Qoraqalpogʻiston boʻylab “Qalʼalar halqasi” kabi yangi turistik yoʻnalishlar tashkil qilinadi. Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash va uni rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan bunday chora-tadbirlar tadbirkorlik imkoniyati kengayishi hamda iqtisodiyot yuksalishiga xizmat qiladi. Banklarning kredit siyosatini isloh qilish ham davlat dasturida nazarda tutilgan muhim vazifalardan biri. Xususan, banklarda tijorat kreditlari foiz stavkasini 2-3 foiz kamaytirish, “yashil kreditlar”ni jalb qilish va moliya bozorini tartibga solishda ESG (Environmental, Social, Governance) tamoyillarini joriy qilish lozim. Shuningdek, muammoli kreditlarning oldini olish va salmogʻini kamaytirish maqsadida banklar kredit siyosatiga oʻzgartirish kiritish, kreditlash mezonlari (iqtisodiy asoslangani, qarz yuki va taʼminotiga qoʻyilgan minimal talablar)ni qayta koʻrib chiqish belgilangan. Oʻz navbatida, banklarda kredit foiz stavkalari kamaytirilishi tadbirkorlik subyektlari uchun muhim ijobiy oʻzgarish boʻladi, ularga mablagʻlarini tejash va daromadini koʻpaytirish imkonini beradi. Davlat dasturi doirasida hududlarda sanoat sohasini rivojlantirish boʻyicha qator choratadbirlar belgilangan. Hududlar imkoniyatidan kelib chiqib, xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilish uchun yangi investitsiyaviy loyiha takliflari tayyorlash lozim. Bunda hududlarning mavjud xomashyo salohiyati va imkoniyatini chuqur tahlil qilish orqali yirik, oʻrta va kichik loyihalar roʻyxatini shakllantirish, konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda biznes-rejalar ishlab chiqish kerak. Yangi loyiha takliflarini xorijiy va mahalliy investorlarga taqdim qilish hamda ularni ishga tushirish boʻyicha amaliy ishlarni boshlash shular jumlasidan. Hududlarda sanoat tarmogʻini rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga qimmatbaho, rangli, noyob metallar hamda noruda kon va uchastkalariga (jami 200 ta) yer qaʼridan foydalanish uchun ruxsatnomalarni shaffof mexanizmlar asosida onlayn auksion orqali taklif etish nazarda tutilgan. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, davlat dasturi doirasida biznes va tadbirkorlikni qoʻllabquvvatlash boʻyicha nazarda tutilgan choratadbirlar tadbirkorlik sohasini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, ish oʻrinlari yaratish hamda xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bularning barchasi pirovard natijada mamlakat iqtisodiyotining taraqqiy etishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.