Ayni damda Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tomonidan “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) XNNTning O‘zbekistondagi filiali bilan hamkorlikda Yangilangan Konstitutsiyaga sharh tayyorlash masalalari bo‘yicha seminar-trening o’tkazilmoqda.

20-iyul kuni o’z ishini boshlagan mazkur tadbirda 10 dan ortiq vazirlik va idoralar hamda “Mintaqaviy muloqot” tashkilotining 40 dan ziyod vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirning birinchi ish kuni doirasida xorijiy ekspert sifatida jalb qilingan Lyublyana universiteti professori, Sloveniya Respublikasi sobiq bosh vaziri doktor Miroslav Serar siyosat va huquq o‘rtasidagi munosabatlarning xususiyatlari, qonunchilik va norma ijodkorligining asosiy tamoyillari, qonunchilik hujjatlarini tayyorlashda normotexnikaning asosiy tamoyil va maxsus elementlari kabi mavzularda ma’ruza qildi.

Shuningdek, “aqliy hujum” shaklida bo’lib o’tayotgan seminar-treningda tinglangan ma’ruzalar yuzasidan xorijiy va mahalliy ekspertlar o‘rtasida jonli muhokamalar tashkil etilib, o‘zaro fikrlar almashishdi. 

Tadbir 22-iyulga qadar davom etishi kutilmoqda.