Joriy yil 19-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Boshqaruv va tinchlik o‘rnatish departamentining Huquq va adliya bo‘limi boshlig‘i K. Yoshimura boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
K.Yoshimura ushbu tashrif O‘zbekistonga ilk tashrifi ekanligini ta’kidlab, Prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli natijalari unda katta taassurot qoldirganini e’tirof etdi.
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bilan hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holatidan yapon tomonining mamnunligini ta’kidlab, K.Yoshimura Institut xodimlarining joriy yil martda Yaponiya hukumatining texnik yordami doirasida JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “Iqtisodiyotni liberallashtirishda sudlarning rolini oshirish” mavzusidagi tashkillashtirilgan onlayn seminar-treningda faol ishtirok etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
K.Yoshimura mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida, JICA fuqarolik huquqi sohasidagi yetakchi O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun shu yil dekabrda Yaponiyada seminar-trening tashkil etishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
O’zaro sheriklikni yanada rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratish maqsadida Tomonlar hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash masalasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.