«O’zbekiston — 2030» strategiyasida iqtisodiy o’sishning barqaror manbasi sifatida ususiy sektorni kengaytirish va tadbirkorlikni har tomonlama qo’llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab qo’yilgan. Ushbu strategik masadlarni amalga oshirish doirasida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlarda xususiy mulk dalsizligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklash, tekshiruv tizimini raqamlashtirish hamda sud-huquq kafolatlarini mustahkamlash masalalari izchil va tizimli ravishda mustahkamlanmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham tadbirkorlik iqtisodiy o‘sishning hal qiluvchi omili sifatida alohida ta’kidlangan. Xususan, 2026-yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarmasligi, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 140 trillion so‘m resurs ajratilishi, “mahallada sanoat va xizmat” dasturlari orqali minglab yangi ish o‘rni yaratilishi biznes muhitini yanada barqaror va ishonchli qilishga qaratilgan muhim qadamlardir.
Bugun mamlakatimizda 1 milliondan ziyod yakka tartibdagi tadbirkor va kichik biznes subyekti faoliyat yuritmoqda. Yalpi ichki mahsulotning 56 foizdan ziyodi, xususiy sektordagi bandlikning qariyb 80 foizi aynan shu qatlam hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu raqamlarning o‘ziyoq tadbirkorlik iqtisodiyotimiz poydevoriga aylanganini yaqqol namoyon etadi.
2017-yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatiga davlat idoralarining asossiz aralashuvlarini cheklash bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, biznes ombudsman instituti tashkil etildi. 2024-yilning o‘zida ushbu idora tomonidan tadbirkorlikka noqonuniy aralashuv bo‘yicha 8898 ta holat aniqlangani himoya mexanizmi amalda ishlayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, korxona ochish jarayoni to‘liq elektronlashtirilib, 30 daqiqa ichida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi. 2023-yildan boshlab kichik biznesga yangi majburiyatlar yuklovchi normativ-hujjatlar qabul qilishga moratoriy kiritildi. Prezidentimizning 2024-yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tekshiruvlarda “xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etildi. Endi tekshiruvlar faqat xavf darajasiga qarab amalga oshiriladi, past xavfli subyektlar umuman tekshirilmaydi.
Ushbu islohotlar xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda. O‘zbekistonda biznes muhitini yaxshilash va huquqiy islohotlarni chuqurlashtirish borasidagi ishlar nufuzli xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan ijobiy baholanmoqda.
Xususan, 2025-yil sentyabr oyida Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli iqtisodiy va huquqiy islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimizda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha amaliy natijalarga erishilayotganini alohida ta’kidladi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ham O‘zbekistonning iqtisodiy liberallashuv dasturini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jamg‘arma tahlillarida 2017-yildan buyon valyuta kursini erkinlashtirish, savdo va narxlarni liberallashtirish, bozor mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatga sezilarli xorijiy sarmoyalar kirib kelishini ta’minlagani qayd etilgan.
XVJning 2025-yilgi hisobotida «O’zbekiston bozor iqtisodiyotiga o’tishda sezilarli taragiyotga erishdi. Islohotlar natijasida investitsiyalar, iqtisodiy o’sish va qashshoqlikni qisqartirishning ijobiy bosqichi shakllandi», deya ta’kidlanishi yurtimizda yuritilayotgan strategik siyosat to’g’ri yo’naltirilganini anglatadi.
Bunday xalqaro e’tiroflar mamlakatimizda tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash tizimli va barqaror yo’lga qo’yilganidan dalolatdir. Nufuzli institutlar rahbarlari O’zbekistonni ochiq iqtisodiyot va qulay investitsiyaviy muhit yaratish yo’lida jadal rivojlanayotgan davlat sifatida ta’riflamoqda. Bu esa tashqi sarmoyadorlar ishonchi ortib, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish jarayonlari yanada faollashganida ko’rinyapti.
Ayni paytda keng ko’lamli islohotlarni yanada chuqurlashtirish, huquqiy kafolatlarni amaliyotda mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatiga oid huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish dolzarb vazifa bo’lib qolmoqda. Statistik tahlillar ayrim prosessual normalarni aniglashtirish va huquqni qo’llash amaliyotini birxillashtirish zaruratini ko’rsatadi.
Masalan, 2024-yilda tadbirkorlik subyektlari bo’yicha jinoyat ishlarining 15 foizdan ortig’i oqlov yoki ishni tugatish bilan yakunlangani ayrim holatlarda prosessual yondashuvlarni yanada takomillashtirish mumkinligini anglatadi. Shu bois, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni jinoyat-huquqiy baholashda aniq mezonlarni belgilash, huquqiy aniqlikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Amalga oshirilgan islohotlarni yangi bosgichga olib chiqish masadida birinchi marta qonunbuzarlikka yo’l qo’yib, yetkazilgan zararni qoplagan tadbirkorlarga nisbatan jinoyat ishini sudgacha bosqichda tugatish imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlarga nisbatan jinoyat ishlarini yuritishda biznes ombudsman instituti ishtirokini institutsional jihatdan mustahkamlash, tergov jarayonida xatlanadigan mol-mulk miqdorini yetkazilgan zarar hajmi bilan mutanosib tarzda belgilash amaliyotini aniqlashtirish kabi mexanizmlarni ishga tushirish ham yaxshi samara berishi mumkin.
Prezidentimizning har yili tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o’tkazishi, ularda ilgari surilayotgan tashabbuslar mazkur soha davlat siyosatining markazida ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yangi O’zbekistonda tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va huquqiy himoya qilish borasida mustahkam institutsional asos yaratildi. Endigi vazifa ushbu islohotlarni yanada chuqurlashtirish, huquqiy aniqlik va adolatni ta’minlash orqali xususiy mulk daxlsizligini mustahkamlashdir. Zero, kuchli tadbirkor barqaror iqtisodiyot va farovon jamiyatning eng ishonchli kafolati hisoblanadi.
Sherzod ZOKIROV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi
