
Shu’ba mudiri
Yuridik fanlar doktori, professor.
Bugungi dunyoda suv masalasi allaqachon shunchaki muhandislik yoki qishloq xoʻjaligi muammosi boʻlmay qoldi. Daryolar, koʻllar va yer osti suv zaxiralarini qoʻshni davlatlar oʻrtasida taqsimlash — bu endi katta geosiyosat degani. Chunki gap millionlab odamlarning oziq-ovqat xavfsizligi, energetika tizimi, ekologiya va butun boshli mintaqalarning tinchligi ustida ketmoqda.
Dunyodagi chuchuk suv zaxiralarining qariyb 60 foizi bir nechta davlat hududidan oqib oʻtadi. Shu bois suv siyosati global xavfsizlikning eng ogʻriqli nuqtasiga aylangan. Aslida, asosiy muammo suvning jismonan yetishmasligida emas, balki davlatlarning ana shu taqchillikni oʻzaro raqobat va ziddiyat sababiga emas, aksincha, hamkorlik poydevoriga aylantira olish qobiliyatidadir.
Jahon tajribasi shuni yaqqol isbotladiki, quruq siyosiy vaʼdalar va balandparvoz shiorlar bilan suv muammosini hal qilib boʻlmaydi.
Barqarorlik faqat bitta holatda — hamma uchun majburiy boʻlgan, aniq ishlaydigan huquqiy tizim yaratilgandagina paydo boʻladi. Bunday tizimda asosiy shartnoma, qoʻshma boshqaruv organlari, ochiq maʼlumotlar almashinuvi, qatʼiy ekologik talablar va nizolarni hal qilishning aniq qoidalari boʻlishi shart. Yer osti suvlari (akviferlar) masalasida esa birgalikda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va xavfli nuqtalarni oldindan kuzatib borish hayotiy zaruratdir.
Afsuski, hozirda texnologiyalar qonunlardan ancha ilgarilab ketdi. Zamonaviy inshootlar qurilmoqda, maslahat kengashlari tuzilmoqda, ammo ularni tartibga soluvchi qatʼiy huquqiy baza oqsamoqda.
1992 va 1997-yillardagi xalqaro konvensiyalar, 2008-yilgi tamoyillar qogʻozda bor, lekin amalda ularning ijrosi sust. Koʻpchilik davlatlar suvga hamon “milliy xavfsizlik va strategik nazorat” prizmasi orqali qaragani bois, umumiy qoidalarga boʻysunishga shoshilmayapti.
Dunyoning turli burchaklaridagi vaziyatga nazar tashlasak, suv resurslarini boshqarishdagi yutuq va xatolar yaqqol koʻzga tashlanadi.
1. Fors koʻrfazi mamlakatlari: texnologiya kuchli, ammo qonunlar ojiz. Arab davlatlari hamkorlik kengashi misoli shuni koʻrsatadiki, suv muammosini faqat pul va texnologiya bilan yechib boʻlmaydi. Qurgʻoqchil iqlim sharoitida bu mintaqa tugab borayotgan umumiy yer osti suvlariga qaram. Bu yerda har bir kishiga toʻgʻri keladigan qayta tiklanuvchi suv yiliga 100 kub metrga ham yetmaydi — bu esa oʻta xavfli koʻrsatkich.
Izoh: 2025–2026-yillarda dunyodagi dengiz suvini chuchuklashtirish quvvatlarining qariyb yarmi (sutkasiga 50–60 mln kub metr) aynan shu mintaqada toʻplangan. Buning uchun 80–100 mlrd dollargacha sarmoya kiritilgan.
Shaharlar suv bilan taʼminlandi, ammo yer ostidagi umumiy suv zaxiralarini kim qancha ishlatishini cheklaydigan birorta majburiy qonun hali ham yoʻq.
Yagona suv strategiyasi (2016–2035 yy.) shunchaki tavsiya xolos. Muhandislik moʻjizalari huquqiy tartibni ortda qoldirib ketdi.
2. Magʻrib mintaqasi: yer osti suvlari birlashtirgan hamkorlik. Shimoliy Afrikada hamkorlik daryolar emas, balki ulkan yer osti suv havzalari atrofida qurilgan. Sahroi Kabir va Sahel observatoriyasi hamda NWSAS mexanizmi olimlar va mutaxassislarni bir joyga toʻplamoqda.
Izoh: 2024-yilda mintaqada suv stressi 46 foizga yetdi, 2030-yilga borib esa suv taʼminoti kishi boshiga 500 kub metrgacha tushishi mumkin. 2024–2025-yillarda Jazoir, Tunis va Liviya yer osti suvlarini birgalikda kuzatish boʻyicha kelishuv imzoladi. Bu ilmiy hamkorlik kelajakdagi qatʼiy shartnomalarga yoʻl ochishi mumkinligini koʻrsatdi. Lekin Marokash va Jazoir oʻrtasidagi siyosiy sovuqchilik bu jarayonning toʻlaqonli huquqiy tus olishiga toʻsqinlik qilmoqda.
3. Yaqin Sharq: “yongʻin chiqqandan keyin” boshqaruv. Iordan, Furot va Dajla daryolari atrofida suv allaqachon siyosiy bosim quroliga aylangan. Bu yerdagi kelishuvlar uzoqni koʻzlab emas, balki inqiroz pichoq suyakka yetganda, vaqtinchalik chora sifatida tuzilgan. Daryo boshidagi va etagidagi davlatlarning manfaatlari bir-biriga zid.
Izoh: Mintaqada kishi boshiga yillik suv miqdori atigi 480 kub metr — bu mutlaq taqchillik degani. Furot daryosida suv sathi 40–60 foizga pasayib ketdi. Agar vaziyat oʻzgarmasa, 2030-yilga borib suvga boʻlgan ehtiyojning yarmi qoplanmay qoladi. Hozirgi tarqoq kelishuvlar mintaqani bu halokatdan qutqara olmaydi.
4. Arab davlatlari ligasi: balandparvoz gaplar, ammo natija yoʻq. Ligada maxsus qoʻmitalar bor, 2012-yilda Arab suv konvensiyasi loyihasi ham yozilgan, biroq u hanuzgacha kuchga kirmagan. Mintaqadagi suvning uchdan ikki qismi chegaralararo oqib oʻtsa-da, hamkorlik darajasi 46 foizdan oshmayapti. Siyosiy minbarlardagi chiroyli bayonotlar ichki nizolar tufayli real qonunlarga aylanmayapti.
5. Havzalardagi ogʻriqli nuqtalar: Eron, Afgʻoniston, Iroq hamda Hindiston va Pokiston.
- Eron, Afgʻoniston va Iroq: Bu yerda ikki tomonlama shartnomalar ishlamay qolmoqda. Masalan, Hilmand daryosi boʻyicha 1973-yilgi kelishuv iqlim oʻzgarishi va suvning 30 foizga kamayishi oldida ojiz qoldi. Eron va Turkmanistonning Harirud boʻyicha kelishuvi esa daryo boshida turgan Afgʻoniston ishtirokisiz shunchaki qogʻozda qolib ketmoqda.
- Hindiston va Pokiston: 1960-yilgi mashhur Hind suv shartnomasi oʻz davri uchun zoʻr hujjat edi, lekin bugun u eskirdi. Suvni shunchaki “senga bunisi, menga unisi” deb boʻlib olish prinsipi iqlim inqiroziga dosh berolmayapti. 2030-yilga borib Hindistonda 220 mlrd kub metr suv yetishmovchiligi yuzaga kelishi, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga ulkan zarar yetkazishi mumkin. Demak, eski shartnomalarni ham zamonga moslab yangilash shart.
III. Markaziy Osiyo — suv muammosining barcha klassik ziddiyatlari jamlangan mintaqa. Bir tomonda — suv boshida turgan va uni energetika (GES) uchun ishlatmoqchi boʻlgan davlatlar, ikkinchi tomonda — suvni dehqonchilik va irrigatsiya uchun kutayotgan quyi oqim mamlakatlari. Bunga iqlim isishi va davlatlarning oʻz bilganicha qaror qabul qilishini ham qoʻshing.
Mintaqada deklaratsiyalar koʻp, komissiyalar ishlab turibdi, lekin suv taqsimoti, energetika almashinuvi va maʼlumotlar ochiqligini birlashtiruvchi yagona, majburiy mexanizm yetishmaydi. Yer osti suvlari esa umuman huquqiy nazoratdan chetda qolgan.
Yaqin 10–15 yil ichida Markaziy Osiyoda suvga boʻlgan talab 40 foizga oshadi. Agar hammasi eskichasiga davom etsa, davlatlar va sohalar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar yanada keskinlashishi aniq. Yaxshi tomoni shundaki, mintaqada hamkorlik poydevori bor — endi uni noldan qurish emas, balki zamonaviy talablar asosida chuqur isloh qilish kerak.
Xulosa shuki, suv barqarorligi suvning qanchalik koʻpligiga emas, balki undan foydalanish qoidalarining adolatli va shaffofligiga bogʻliq. Zamonaviy gidrosiyosat suvni shunchaki kub metrlab boʻlib olishdan voz kechib, undan keladigan foydani birgalikda baham koʻrish va iqlim oʻzgarishlariga birga moslashish yoʻliga oʻtishi lozim. Sezilmasdan kamayib borayotgan, ammo yoʻqotilsa qayta tiklab boʻlmaydigan yer osti suvlarini asrash esa kechiktirib boʻlmaydigan vazifadir.
Bugungi kunda shunchaki maslahatlashish va maʼlumot almashishning oʻzi kamlik qiladi. Mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlab qolish uchun umumiy shiorlardan voz kechib, aniq qonunlar va oʻzaro majburiyatlarga asoslangan haqiqiy qoʻshma boshqaruvga oʻtish vaqti keldi.
