Alimova Diyoraxon
Yetakchi ilmiy xodim

I. Raqamlashtirish va innovatsion rivojlanish davrida intellektual mulk investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, texnologiyalar transferini taʼminlash hamda milliy brendlarni ilgari surishning muhim omili hisoblanadi.
Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonining muhim bosqichida turgan Oʻzbekiston uchun milliy qonunchilikni TRIPS bitimi talablariga uygʻunlashtirish strategik ustuvor vazifadir. Soʻnggi yillarda mamlakatda mazkur sohani markazlashtirish va raqamlashtirish, roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha kompleks choralar amalga oshirildi, Intellektual mulk agentligi esa Adliya vazirligi tizimiga oʻtkazildi. Maqsadli davlat siyosati natijasida 2025-yilda 68 ta normativ-huquqiy hujjat xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi, 102 mingdan ortiq obyekt roʻyxatdan oʻtkazildi, Oʻzbekiston Global innovatsiyalar indeksida 79-oʻringa koʻtarildi.  


II. Bugungi kunda Oʻzbekistonda intellektual mulkni huquqiy tartibga solish masalalari Fuqarolik kodeksi va ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi hamda boshqa obyektlarga oid bir qator maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Bunday tarqoqlik umumiy huquqiy institutlarning takroran tartibga solinishi bilan bogʻliq bir qator jiddiy toʻsiqlarni yuzaga keltiradi: ariza berish, roʻyxatdan oʻtkazish, huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish va litsenziyalash qoidalari har bir qonunda alohida belgilangan boʻlib, bu huquqni qoʻllash amaliyotini birxillashtirishni qiyinlashtiradi. Yangi normalarni joriy etishda ham muammolar yuzaga keladi: masalan, zarar miqdorini isbotlash oʻrniga kompensatsiya undirish kabi umumiy mexanizmni joriy etish turli hujjatlarga oʻxshash oʻzgartirishlarni qayta-qayta va koʻp hollarda turli vaqtlarda kiritishni talab qiladi. Bundan tashqari, koʻplab mustaqil qonunlarni bir paketda qayta koʻrib chiqish xalqaro standartlarni toʻliq yoki bir xil darajada implementatsiya qilmaslik xavfini kuchaytiradi, shuningdek davlat xizmatlarini yagona maʼmuriy jarayon doirasida raqamlashtirishni murakkablashtiradi. 
Shu munosabat bilan, intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni tizimlashtirishning turli yondashuvlarini qoʻllagan Turkiya, Italiya va Fransiya tajribasi alohida qiziqish uygʻotadi. 
Turkiyada 2017-yilga qadar sanoat mulki sohasidagi munosabatlar asosan alohida dekret-qonunlar bilan tartibga solingan. Huquqiy tartibga solishdagi tarqoqlikni bartaraf etish va huquqlarni muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida 2016-yilda 6769-sonli «Sanoat mulki toʻgʻrisida»gi yagona Qonun qabul qilindi va u 2017-yil 10‑yanvarda kuchga kirdi. Ushbu Qonun tovar belgilari, geografik koʻrsatkichlar, sanoat namunalari, patentlar va foydali modellarni huquqiy tartibga solishni birlashtirdi, shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomillari hamda tegishli huquqlarni himoya qilishning oʻzaro muvofiqlashtirilgan huquqiy asoslarini belgiladi.
Shunga oʻxshash yondashuv Italiyada ham qoʻllanilgan boʻlib, ushbu davlatda 2005-yildan buyon Sanoat mulki kodeksi amal qilmoqda. Kodeks ixtirolar, tovar belgilari, sanoat namunalari, geografik koʻrsatkichlar va sanoat mulkining boshqa obyektlariga oid normalarni birlashtiradi. Uning oʻziga xos jihati umumiy huquqiy qoidalarni ayrim obyektlarning xususiyatlarini inobatga oluvchi maxsus normalar bilan uygʻunlashtirganidir.
Fransiyada esa yanada keng qamrovli model qoʻllaniladi: Intellektual mulk kodeksi sanoat mulki bilan bir qatorda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni ham tartibga soladi. Shu bilan birga, mazkur huquqiy institutlar kodeksning alohida qismlarida mustaqil tartibga solingan boʻlib, bu turli obyektlarni huquqiy muhofaza qilish xususiyatlarini saqlagan holda qonunchilikning tizimliligini taʼminlash imkonini beradi.
Shunday qilib, xorijiy amaliyot ikki asosiy yondashuv mavjudligini koʻrsatadi: intellektual mulk sohasidagi butun qonunchilikni kompleks kodifikatsiya qilish yoki mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni mustaqil tartibga solishni saqlab qolgan holda sanoat mulkiga oid qonunchilikni birlashtirish. Oʻzbekiston uchun dastlabki bosqichda Turkiya va Italiyada qoʻllanilgan ikkinchi model maqbulroq deb hisoblanadi.


III. Ilgʻor xorijiy tajriba va milliy iqtisodiyotning hozirgi ehtiyojlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining «Sanoat mulki toʻgʻrisida»gi yagona Qonunini qabul qilish orqali qonunchilikni tizimlashtirish taklif etiladi. Yangi Qonunda ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, shuningdek, geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlariga oid munosabatlarni tartibga solish normalarini oʻzaro uygʻun holda birlashtirish lozim.
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni esa ularning oʻziga xos xususiyatlari hamda, qoida tariqasida, davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan vujudga kelishini inobatga olib, dastlabki bosqichda yangilangan alohida qonun doirasida saqlab qolish maqsadga muvofiq.
Taklif etilayotgan Qonun tuzilmasi bir nechta asosiy boʻlimdan iborat boʻlishi mumkin. Uning umumiy qismida yagona tushunchalar va prinsiplar, muddatlarni hisoblash, bojlarni toʻlashning umumiy qoidalari hamda elektron reyestrlarning yuridik kuchi belgilanadi. Maxsus qismida esa har bir obyektning oʻziga xos huquqiy tabiatini saqlagan holda huquqiy muhofazaga layoqatlilik mezonlari va huquqlarning amal qilish muddatlari batafsil tartibga solinadi. Huquqlarni muomalaga kiritish va tijoratlashtirish masalalari huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish, litsenziya shartnomalari, garovga qoʻyish va ustav kapitaliga hissa sifatida kiritishga oid normalarni birxillashtirish orqali hal etiladi. Huquqlarni himoya qilish fuqarolik-huquqiy va bojxona himoyasi, kompensatsiya undirish, shuningdek, marketpleyslarni ham qamrab olgan raqamli muhitdagi huquqbuzarliklarga chek qoʻyishning yagona tizimini shakllantirish orqali taʼminlanadi. Oʻzgarishlarni bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida ilgari berilgan muhofaza hujjatlarining yuridik kuchini saqlab qolish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish talabini bekor qilish va raqamli maʼlumotlarni koʻchirish uchun 12 oydan 18 oygacha moslashuv davrini belgilashni nazarda tutuvchi oʻtish qoidalarini belgilash lozim.
Qonunchilikni tizimlashtirish ichki huquqiy ziddiyatlar va takrorlanishlarni bartaraf etish bilan birga, investorlar va ishlanma yaratuvchilar uchun tushunarli, zamonaviy hamda jozibador huquqiy muhitni shakllantirib, mamlakatning kelgusidagi innovatsion oʻsishi uchun mustahkam zamin yaratadi.