2025-yil 29-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida “O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishining zamonaviy bosqichida fuqarolik qonunchiligini yangilash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi fuqarolik qonunchiligini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda mamlakat huquqiy tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda parlament aʼzolari, sud tizimi, vazirlik va idoralar, tahliliy markazlar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda mamlakat oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etdilar. Xorijiy ishtirokchilar orasida 10 dan ortiq mamlakatdan – Germaniya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan yetakchi ekspertlar va olimlar qatnashdi.

Shu bilan birga, YUNSITRAL va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar ham konferensiyada ishtirok etish uchun o‘z vakillarini yubordi.

Yalpi majlisda xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning strategik maqsadlari fuqarolik qonunchiligini modernizatsiya qilishni, uni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirishni va zamonaviy iqtisodiy sharoitlarga moslashtirishni talab etishini ta’kidladilar.

Yangilangan Konstitutsiya fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga, biznesni rivojlantirishga va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan Fuqarolik kodeksini yanada takomillashtirish uchun asos yaratgani alohida qayd etildi. Raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlash va sun’iy intellektni joriy etishning huquqiy mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya ishi beshta sho‘bada davom etdi. Yakunlar bo‘yicha ishtirokchilar fuqarolik qonunchiligini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berdilar. Xususan, FK islohotini uning tartibga solish predmetini kengaytirishga, raqamli aktivlarning huquqiy maqomini mustahkamlashga, shuningdek, fuqarolik huquqining an’anaviy institutlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirish taklif etildi. Shu bilan birga, investitsiya muhitini yaxshilash uchun rivojlangan mamlakatlar tajribasiga asoslangan yangi huquqiy mexanizmlarni, jumladan, halollik prinsipini va biznes uchun moslashuvchan tashkiliy-huquqiy shakllarni joriy etish tavsiya qilindi.

Umuman olganda, xorijiy ekspertlar konferensiyaning tashkiliy darajasi va ilmiy munozaralarni yuqori baholab, qonunchilikni modernizatsiya qilish jarayonida O‘zbekiston ilmiy hamjamiyatining davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotganini e’tirof etdilar. Bu esa, ularning fikricha, iqtisodiy-huquqiy islohotlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.