Joriy yilning 28-mart kuni Qonunchilik va huquqiy siyosat institutida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaya xonim bilan uchrashuv tashkil etildi.
Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning borishi va mamlakatimiz Asosiy qonunining yangilangan loyihasi boʻyicha umumxalq referendumini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotgani borasida xorijlik mehmonga gapirib o‘tildi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 17-18 aprel kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Konstitutsiyaviy islohotning mohiyati va ahamiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilangan Konstitutsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiya haqida xabar berildi.
Xorijlik mehmonga Institut oldida turgan vazifalar, xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar borasida ma’lumotlar berildi.
Maʼmuriy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga koʻmaklashish uchun BMTTD rahbari xalqaro tuzilmalar tomonidan davlat boshqaruvining samarali modelini ishlab chiqishga qaratilgan loyihalarni birgalikda amalga oshirish doirasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti va BMTTD o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari bo‘yicha M.Dimovska korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining salohiyatini oshirish, kadrlar tayyorlash kabi sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganishni taklif qildi.