Joriy yilning 13-aprel kuni Qonunchilik va huquqiy siyosat institutida “Mintaqaviy muloqot” XNT direktori Myusha Sever xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda M.Sever joriy yilning 17-18 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Konstitutsiyaviy islohotning mohiyati va ahamiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilangan Konstitutsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishini tasdiqladi. Shuningdek, M.Sever xonim “Mintaqaviy muloqot” bir qator yetakchi xorijiy ekspertlarni ushbu tadbirda ishtirok etishga taklif qilishda yordam berish niyatida ekanligini taʼkidladi.
O‘zaro hamkorlik istiqbollariga to‘xtalar ekan, M.Sever qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, yuridik kadrlar malakasini oshirish va boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
M.Sever xonim joriy yilning may oyida Sloveniyaning sobiq bosh vaziri, Sloveniyada xizmat ko‘rsatgan huquqshunos, Lyublyana universiteti professori Miroslav Serar “Mintaqaviy muloqot” ko‘magida O‘zbekistonga kelishini ma’lum qildi. Oʻzaro kelishilgan yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida M.Sever xonim alohida uchrashuv tashkil etish orqali sloveniyalik mutaxassis bilan aloqa oʻrnatishda Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga yordam berishga tayyorligini bildirdi.