O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti vakillari o‘zbek delegatsiyasi tarkibida 2023-yil 10–20-dekabr kunlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan Tokio shahrida fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb masalalari bo‘yicha tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi.
Seminar maqsadi – Yaponiya va O‘zbekiston fuqarolik qonunchiligini qiyosiy o‘rganish orqali milliy qonunchilikni takomillashtirish.
Tadbir davomida xususiy mulkka bo‘lgan huquqni himoya qilish, xususiy yuridik shaxslar va davlat tashkilotlarini qonuniy tartibga solish, majburiyatlar va atipik shartnomalarning bajarilishini taʼminlash, sunʼiy intellektdan foydalangan holda yaratilgan intellektual faoliyat natijalariga mualliflik huquqini himoya qilish kabi masalalar bo‘yicha maʼruzalar va muhokamalar o‘tkazildi.
Seminar mobaynida yapon ekspertlari tomonidan Fuqarolik kodeksini ijtimoiy munosabatlar rivojlanishining hozirgi tendensiyalarini hisobga olgan holda doimiy ravishda takomillashtirib borishning muhimligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Ushbu jarayonni chuqur o‘rganish, puxta ilmiy tahlil qilish va malakali ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Tadbir doirasida Yaponiya Adliya vazirligi, Tokio Okrug sudi, Xalqaro fuqarolik va tijorat huquqi markazi, Ilmiy-tadqiqot va taʼlim instituti, JICA vakillari bilan tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish maqsadida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.