
1978-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1999-yilda Samarqand davlat universitetini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, yuridik fanlari nomzodi, professor. U mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Falsafa va huquq institutida boshlab, uzoq yillar davomida Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, magistratura bo‘limi boshlig‘i va prorektor lavozimlarida samarali faoliyat olib borgan.
Olimning ilmiy qiziqishlari fuqarolik, xalqaro xususiy, tadbirkorlik va konstitutsiyaviy huquq yo‘nalishlarini qamrab olib, u mazkur sohalardagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan 100 ga yaqin ilmiy maqolalar, 10 ga yaqin monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalari muallifi hisoblanadi.
Oliy ta’lim va davlat boshqaruvi tizimida katta tajribaga ega bo‘lgan V.Ergashev o‘z faoliyati davomida Toshkent yuridik kolleji direktori, shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti boshlig‘i lavozimlarida xizmat qilgan.
2-darajali adliya maslahatchisi maxsus unvoniga ega bo‘lgan olim ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun 2022-yilda «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan. U 2023-yilning 20-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ergashev Vosidjon Yokubovich
