ANNNOTATSIYA
Maqolada qonunchilik sifati normativ matnning yuridik-texnik mukammalligi bilan cheklanmaydigan,
balki normativ qarorning dalillarga asoslanganligi, real ijro etilish imkoniyati va davlatning strategik
maqsadlari bilan muvofiqligini birlashtiruvchi integral kategoriya sifatida ko‘rib chiqildi. Maqolaning
maqsadi qonunchilik sifatini ta’minlashga oid zamonaviy nazariy va institutsional yondashuvlarni
tizimlashtirish hamda O‘zbekiston uchun “strategiya – norma – ijro – natija” sikliga asoslangan amaliy
modelni ishlab chiqishdan iborat. Formal-yuridik, tizimli-tuzilmaviy, qiyosiy-huquqiy, funksional va
huquqiy modellashtirish usullari qo‘llanildi. Aniqlanishicha, dalillarga asoslanganlik muammoni to‘g‘ri
tashxislash, muqobil yechimlarni solishtirish va ta’sirni mutanosib baholashni; ijro etiluvchanlik vakolat,
resurs, protsedura, raqamli infratuzilma va nazorat mexanizmlarining normada oldindan loyihalanishini;
strategik muvofiqlik esa normativ vosita bilan strategik maqsad, indikator va budjet o‘rtasida tekshiriladigan bog‘lanish yaratilishini talab qiladi. Natijada muammo pasporti, muqobillar matritsasi, olti komponentli ijro etiluvchanlik testi, strategik filtr, normativ-huquqiy loyiha bo‘yicha yagona tahliliy hujjatlar majmui(yagona regulyator dosye) hamda ex ante, ex durante va ex post baholashdan iborat model taklif etildi. Ilmiy yangilik Yevropa komissiyasining Better Regulation tizimi va YXHT hujjatlaridagi umumiy metodologik talablarni takrorlashda emas, balki ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirib, muammo pasportining majburiy rekvizitlari, olti komponentli ijro etiluvchanlik testi va memorandumi, ikki darajali strategik filtr hamda yagona elektron regulyator dosyeni o‘zaro bog‘langan model sifatida ishlab chiqilganida namoyon bo‘ladi.
Kalit so‘zlar: qonunchilik sifati, dalillarga asoslangan huquq ijodkorligi, ijro etiluvchanlik, strategik
muvofiqlik, tartibga solish ta’sirini baholash, strategik filtr, professional qonun loyihalash, regulyator dosye, ex post baholash, raqamli tayyorlik.